“Vebster universiteti” rahbariyati bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 18-sentyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov “Vebster universiteti” rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda olib borilayotgan hamkorlik natijalari, universitet faoliyati hamda kampusni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Vazir 2019-yildan beri yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik samaralari haqida to‘xtalib, talabalar soni 360 nafardan 6500 nafargacha oshganini, shuningdek, so‘nggi uch yilda universitet bitiruvchilari mehnat bozoriga kirib kelayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, universitetning joriy yilda 2 850 nafar talabani qabul qilganini alohida qayd etdi.
Muloqot davomida tomonlar kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashishdi. Vazir ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanishini va yaqinlashib kelayotgan forumda yana uchrashishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 19–20-sentyabr kunlari Toshkent shahrida Xalqaro sifatni ta’minlash forumi (IQAF) bo‘lib o‘tadi.