Vazirlar Mahkamasi a’zosi lavozimiga nomzodlar korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini ham taqdim etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham obdon muhokama qilindi.
Loyiha bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga hokim lavozimiga nomzod tegishli xalq deputatlari Kengashida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturi bilan bir qatorda korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini ham taqdim etishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunlarga Vazirlar Mahkamasi a’zosining lavozimiga nomzod uning nomzodi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotganda va ma’qullanayotganda Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik choralarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasidan tashqari korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini taqdim etish ham nazarda tutilyapti.
Mazkur qonun loyihasi hokimlar va Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mas’uliyati hamda hisobdorligini oshirishga, ularning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha vazifalari ijrosi samaradorligini ta’minlashga qaratilgan.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.