Valyuta kurslari 07/11/2025
$1 – 12022.92
UZS – 0,44%
€1 – 13843.19
UZS – 0,69%
₽1 – 148.14
UZS – 0,37%
Qidirish
Vast va Oʻzbekiston qoʻshma ilmiy kosmik loyihalarni rejalashtirmoqda

Vast va Oʻzbekiston qoʻshma ilmiy kosmik loyihalarni rejalashtirmoqda

Vast va Oʻzbekiston qoʻshma ilmiy kosmik loyihalarni rejalashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQShga tashrifi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov dunyodagi ilk tijoriy kosmik stansiyani qurish bilan shug‘ullanayotgan Amerika xususiy aerokosmik kompaniyasi — Vast kompaniyasining vitse-prezidenti Rich Leshner bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda mamlakatning kosmik sohadagi inson salohiyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Vazir Sherzod Shermatov fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh tadqiqotchilar uchun imkoniyatlar yaratish hamda O‘zbekistonning xalqaro kosmik dasturlarda faol ishtirokini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Tomonlar Vast kompaniyasi bilan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, kadrlar almashinuvi dasturlari va o‘zbekistonlik mutaxassislarni Haven-1 orbital stansiyasining muvaffaqiyatli uchirilishidan so‘ng kelgusi missiyalarda ishtirok ettirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, Haven-2 loyihasi doirasida sun’iy gravitatsiya, hayotni qo‘llab-quvvatlash tizimlari va orbital arxitektura bo‘yicha tadqiqotlarda o‘zbekistonlik olim va muhandislarning ishtirok etishi ehtimoli muhokama qilindi.

Ta’lim, kadrlar tayyorlash, amaliyot va qo‘shma laboratoriyalar yaratish sohalarida qo‘shimcha tashabbuslar ilgari surildi. Bu esa O‘zbekiston va Vast o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va o‘zbekistonlik mutaxassislarning xalqaro kosmik dasturlar hamda orbital texnologiyalar loyihalarida ishtirokini oshirish bo‘yicha kelgusi qadamlarni belgilab beruvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

Ma’lumot uchun: Vast — AQShda joylashgan xususiy aerokosmik kompaniya bo‘lib, yangi avlod kosmik stansiyalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning ilk loyihasi — Haven-1, dunyodagi ilk tijoriy kosmik stansiya bo‘lib, kelgusida ko‘p modulli stansiyalar, jumladan Haven-2 uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling