Vashingtonda Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi ishga tushirildi
Vashingtonda Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi ishga tushirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Vashington shahrida AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, shuningdek Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi hamraisi Serxio Gor bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi biznes hamkorlikni rivojlantirishning asosiy masalalarini muhokama qildi. Muzokaralar AQSH poytaxtida o‘z faoliyatini boshlagan Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashining rasmiy ishga tushirilishi arafasida bo‘lib o‘tdi.
Kengash ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma biznes tashabbuslari uchun barqaror institutsional asos yaratish maqsadida tashkil etildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Kengashning tashkil etilishi ikki davlat prezidentlari o‘rtasidagi yuqori darajadagi ishonch natijasi ekani taʼkidlandi. Serxio Gor AQSH so‘nggi bir yil davomida Markaziy Osiyoda strategik sheriklikni mustahkamlashga jiddiy yondashganini qayd etdi.
Kengashning birinchi yig‘ilishida biznes va davlat tuzilmalari vakillari ishtirok etdi. Unda so‘zga chiqqan Serxio Gor AQSH prezidenti Donald Tramp Markaziy Osiyo, ayniqsa O‘zbekistonning global savdo va transport bog‘liqligidagi o‘rniga katta ahamiyat qaratayotganini taʼkidladi.
Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish, shuningdek ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida uzoq muddatli sherikliklarni rivojlantirishga qaratilgan.
Kengash faoliyati ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va mintaqaviy iqtisodiyotning barqaror hamda farovon rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.