Vashington meri AQSH poytaxtida 1 sentyabrni «O‘zbekiston Mustaqillik kuni» deb eʼlon qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vashington meri Miriel Bauzer O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi sharafiga AQSH poytaxtida 1 sentyabrni rasman «O‘zbekiston Mustaqillik kuni» deb eʼlon qildi.
Qabul qilingan deklaratsiyada taʼkidlanishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston suverenitetini eʼtirof etgan ilk davlatlardan biri bo‘lgan. Merning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda 1 sentyabrni Mustaqillik kuni sifatida belgilash faqat ramziy ahamiyatga ega bo‘lib qolmay, balki ikki davlat xalqlari o‘rtasida mustahkamlanayotgan aloqalarni ham ifoda etadi.
Hujjatda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSH munosabatlari strategik sheriklik darajasiga yetdi va siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Shuningdek, mustaqillik yillari davomida O‘zbekiston faol iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini tanlagani, xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarni mustahkamlagani va tinchlik, hamjihatlik hamda o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan jamiyatni barpo etgani alohida taʼkidlandi.
Vashington meriyasi O‘zbekistonning AQSHdagi Elchixonasiga ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashdagi katta hissasi va madaniy almashinuv hamda shaxsiy aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi faol saʼy-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.