Varshavada O'zbekiston-Polsha savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarini jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Amirsaid Agzamxodjayev Polsha Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi, Iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Polsha Hukumatlararo komissiyasi hamraisi Mixal Yaros uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri
Uchrashuv davomida, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, qishloq xo'jaligi va veterinariya yo'nalishlaridagi ikki tomonlama hamkorlikni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. O'zbekiston va Polsha hududlararo hamkorlik holati va istiqbollariga e'tibor qaratildi.
2025-yil fevral oyida Toshkentda bo'lib o'tgan O'zbekiston-Polsha Hukumatlararo komissiyasining sakkizinchi yig'ilishi va biznes-forum yakunlari bo'yicha erishilgan kelishuvlarning ijrosi ko'rib chiqildi.
Joriy yil noyabr oyi oxirida Polsha Investitsiyalar va savdo agentligining Toshkent shahrida vakolatxonasi ochilishi nafaqat Polsha kompaniyalari, balki o'zbek biznes doira vakillari uchun ham yangi bozorlarga kirish hamda o'zaro manfaatli iqtisodiy sheriklik aloqalarini yo'lga qo'yishda muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.
Mixal Yaros O'zbekiston Polsha uchun Markaziy Osiyodagi eng muhim va istiqbolli hamkor ekanini ta'kidlash barobarida, ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik holatini ijobiy baholadi. "2025-yil o'zbek-polyak aloqalari tarixida burilish nuqtasi bo'ldi", dedi u.