Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi "proaktiv shaklda" tayinlanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi joriy etiladi.
Bunda fuqarolar davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan quyidagi shartlarda qamrab olinadi:
majburiy asoslarda – O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun bilan miqdori belgilanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan;
ixtiyoriy asoslarda – mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 foizi miqdoridagi har oylik sug‘urta badalining eng kam miqdorini to‘lash evaziga.
Fuqarolarga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar ularning minimal sug‘urta staji va to‘lagan sug‘urta badaliga mutanosib ravishda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi (Jamg‘arma) orqali to‘lanadi.
Jamg‘arma orqali quyidagilar proaktiv shaklda tayinlanadi va to‘lanadi:
2026 yil 1 yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi;
2026 yil 1 iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi.
Shuningdek, fuqarolarning murojaatlari asosida 2030 yil 1 yanvardan ishdan bo‘shatish nafaqasi ham Jamg‘arma orqali tayinlanadi va to‘lanadi.