Uzum "O‘zbekiston pochtasi" AJ’ni rivojlantirishga sarmoya kiritishga tayyor
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatning eng yirik raqamli ekotizimi bo‘lmish Uzum kompaniyasi “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati rivojlanishiga sarmoya kiritishga tayyorligini ma’lum qildi.
Uzum Market mamlakatning eng yirik onlayn platformasi sifatida allaqachon 650 dan ortiq buyurtma topshirish punktlarini ochgan, shuningdek, UzPost’ning IT va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga faol sarmoya kiritmoqda.
Kompaniya infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistika va bo‘limlar tarmog‘ini rivojlantirish, shuningdek, "O‘zbekiston pochtasi" AJda eng zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishga qaratilgan loyihalarga sarmoya kiritishga tayyor.
"Butun dunyoda aynan elektron tijorat milliy pochta operatorlarining drayveri va asosiy hamkoriga aylanmoqda va biz bu tajribani O‘zbekistonga olib kelishga tayyormiz", — deydi Djasur Djumayev, Uzum asoschisi va bosh direktori.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 2026-yilga kelib hamkorlarni qabul qilish punktlari sonini 1000 tadan ziyodga yetkazishni, pochta infratuzilmasi orqali yetkazib beriladigan buyurtmalar ulushini Uzum Market umumiy buyurtmalar hajmining 10 foizigacha oshirishni rejalashtirmoqda.
"Bu millionlab jo‘natmalar va minglab yangi ish o‘rinlari bo‘lib, ularni yaratishga Uzum mamlakatning yetakchi raqamli platformasi sifatida sarmoya kiritishga tayyor. Kelgusi 3-4 yil ichida biz mamlakatga 1,5 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirmoqdamiz va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan "O‘zbekiston pochtasi" AJ bilan hamkorlikda amalga oshirish ustuvor vazifalarimizdan biridir", - dedi Jumayev.