“Uzum” O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining rasmiy hamkoriga aylandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Uzum” milliy raqamli ekotizimi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlik doirasida Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasini hamda butun mamlakat bo‘ylab futbolni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi.
“Uzum”ning qo‘llab-quvvatlashi Assotsiatsiyaga sport infratuzilmasini mustahkamlash, yoshlar uchun dasturlarni kengaytirish, shuningdek, milliy terma jamoani 2026-yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishda qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining taniqli futbolchilari O‘FA va milliy raqamli ekotizimning qo‘shma loyihalarida ishtirok etib, o‘z namunalari bilan yoshlarni ilhomlantiradilar.
Bugungi kunda O‘FA qoshida 14 ta hududiy assotsiatsiya faoliyat yuritmoqda, 12,000 dan ortiq futbolchi bolalar va o‘smirlar jamoalarida mashg‘ulot o‘tkazmoqda, milliy terma jamoa esa xalqaro maydonda — Osiyo kubogi, Jahon chempionat va Olimpiada saralash uchrashuvlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilib kelmoqda.
“Uzum” kompaniyasi bilan hamkorlik mamlakatimizda futbolni rivojlantirishda muhim qadamdir. Kelgusi yillarda milliy terma jamoalar, shuningdek, bolalar va ayollar futbolini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ham amalga oshiramiz”, — deydi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov.
Uzum ekotizimi asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayev esa hamkorlikning ahamiyatini alohida ta’kidladi:
“Biz uchun nafaqat sportni qo‘llab-quvvatlash, balki iqtidorli bolalar o‘sishi, amaldagi chempionlar esa yangi g‘alabalar uchun resurslarga ega bo‘lishiga sharoit yaratish muhimdir. Futbol odamlarni birlashtiradi va o‘z kuchiga ishonchni oshiradi. Biz O‘FA bilan birgalikda o‘zbek sporti kelajagiga hissa qo‘sha olishimizdan faxrlanamiz”.
“Futbolni qo‘llab-quvvatlash biz uchun kelajakka investitsiya. Sport infratuzilmasini rivojlantirish, futbolchilar va muxlislar uchun yangi imkoniyatlar yaratish orqali biz futbol millionlab o‘zbekistonliklarning kundalik hayotiga aylanishini istaymiz. Ishonchimiz komilki, Futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda yangi g‘alabalar va yorqin sport tarixiga poydevor qo‘ya olamiz”, – dedi “Uzum Bank” Kuzatuv kengashi raisi Rasuljon G‘ulomov.