UzTest va QazTrade sifat nazorati va savdo sohasida hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” (UzTest) hamda Qozog‘iston Respublikasining “QazTrade” Savdo siyosatini rivojlantirish markazi” AJ o‘rtasida strategik hamkorlikning yangi bosqichi boshlandi.
Tomonlar o‘zaro muvofiqlikni baholash va savdo jarayonlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha birlamchi kelishuvga erishdilar. Ushbu kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarini yengillashtirish, mahsulotlar sifatini xalqaro talablar asosida baholash va texnik to‘siqlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Kelishuv asosidagi hamkorlik yo‘nalishlari standartlashtirish va sertifikatlashtirish, sinov laboratoriyalari o‘rtasida tajriba almashinuv hamda savdo to‘siqlarini kamaytirishdan iborat.
Hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, eksport-import jarayonlarida shaffoflikni oshirish hamda mahsulotlar sifatini kafolatlashga muhim ahamiyat kasb etadi.