UZTELECOM va Winncom Technologies innovatsion tarmoq yechimlari bo'yicha memorandum imzoladilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQShga rasmiy tashrif doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va “O‘zbektelekom” AK vakillari Winncom Technologies Corp kompaniyasi vitse-prezidenti Andrey Takh bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdilar.
Uchrashuvda tarmoq infratuzilmasini boshqarish va uni kiberhujumlarga nisbatan barqarorligini oshirishning zamonaviy usullari muhokama qilindi.
Asosiy e’tibor tarmoq trafiki tahlili, DDoS tahdidlarini aniqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek ma’lumot uzatish tizimlarini modernizatsiya qilish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Ushbu memorandum tarmoqlar samaradorligini oshirish va xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ochadi.
Ushbu tashabbuslar UZTELECOMga tarmoq infratuzilmasining samaradorligini sezilarli darajada oshirish va foydalanuvchilar uchun yanada himoyalangan va intellektual raqamli muhit yaratish imkonini beradi.