Uzbekiston delegatsiyasi MDH Sog‘liqni saqlash kengashining 38-yig‘ilishida birinchi tibbiy yordam sohasidagi islohotlarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov boshchiligidagi delegatsiya Tojikistonning Dushanbe shahrida o‘tkazilgan MDHga aʼzo davlatlar sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik Kengashining 38-yig‘ilishida ishtirok etdi.
Unda A.Xudayarov yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida nutq so‘zladi..
Shuningdek, tadbir doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge bilan yurtimizda amalga oshirilishi kutilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirish hamda onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan yangi loyihalar muhokama etildi.
Qolaversa, O‘zbekiston, Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirliklari va JSST o‘rtasida “Orol mintaqasida sog‘liqni saqlash sohasi” bo‘yicha uch tomonlama hamkorlik kelishuvini imzolashga kelishildi.
Bundan tashqari, Asilbek Xudayarov Tojikiston Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Jamoliddin Abdullozoda bilan uchrashdi. Aytish lozimki, bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa yetakchilari qatori O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari ham do‘stona aloqalarni faollashtirib, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shmoqda.
Muloqot davomida vazirlar sanitariya-epidemiologik nazorat, yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabet profilaktikasi, shuningdek, mutaxassislar malakasini oshirish va ularning almashinuvini amalga oshirish borasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Asilbek Xudayarovning Rossiya Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Oleg Salagay bilan bo‘lgan uchrashuvida Rossiyaning ilmiy va tibbiyot markazlari hamda mamlakatimizning yetakchi tibbiyot muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga urg‘u berildi.
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova bilan joriy yil 13 – 17 oktyabr kunlari yurtimizning to‘rtta hududida Qozog‘iston tibbiyot kunlari va “O‘zbekiston – Qozog‘iston” tibbiyot forumini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Binobarin, kelgusida kadrlar tayyorlash va tajriba almashish ko‘lamini kengaytirishga kelishib olindi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasi Dushanbe shahrida joylashgan qator klinikalar va tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi.
Forumning yakuniy sessiyasida MDH Ijroiya qo‘mitasi tomonidan sog‘liqni saqlash sohasidagi Kengashning navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi ilgari surildi.