Uzbekistan Airways kuzatuv kengashi tarkibini yangiladi
Uzbekistan Airways kuzatuv kengashi tarkibini yangiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Milliy aviakompaniya Uzbekistan Airways kuzatuv kengashi tarkibida o‘zgarishlar amalga oshirildi, deb xabar bermoqda Korporativ axborotning yagona portali. Kuzatuv kengashini qisman yangilash to‘g‘risidagi qaror yagona aksiyador hisoblangan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qabul qilindi.
Kuzatuv kengashi tarkibidan uch nafar aʼzo chiqarildi: Infrasia Capital kompaniyasi direktori va sobiq moliya vaziri Odilbek Isakov; transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev; Iqtisodiyot va moliya vazirligining uy-joy kommunal xo‘jaligi, transport va aloqa sohalarida moliyaviy tartibga solish va narx siyosati departamenti rahbari Zafar Astanov.
Kengash tarkibiga ikki nafar yangi aʼzo kiritildi: Franklin Templeton kompaniyasining katta investitsiya menedjeri Pavel Mxitaryan hamda Prezident Administratsiyasida koordinator lavozimida faoliyat yurituvchi Otabek Ungbayev.
Mxitaryan 24 fevral kuni LinkedIn sahifasida Uzbekistan Airways kuzatuv kengashi tarkibiga O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi mandati doirasida kiritilganini maʼlum qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 fevral kuni davlat kompaniyalarini boshqarish tizimini qayta tashkil etish to‘g‘risida qarorni tasdiqladi. Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalariga egalik qiladigan kompaniyalarning kuzatuv kengashlari tarkibiga Franklin Templeton Asset Management vakillari kiritiladi.
Yil oxiriga qadar jamg‘arma aksiyalarini IPO orqali joylashtirish rejalashtirilgan.