Uzbekistan Airways 20 sentyabrdan Tyumen — Toshkent reyslarini tiklaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning milliy aviataʼminlovchisi Uzbekistan Airways 20 sentyabrdan Tyumen va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni qayta yo‘lga qo‘yadi, deb xabar berdi “Roshino” aeroporti matbuot xizmati.
«Uzbekistan Airways aviakompaniyasi yana Tyumendan O‘zbekiston poytaxtiga parvozlarni amalga oshiradi. Reyslar 20 sentyabrdan boshlab har shanba kunlari yo‘lga qo‘yiladi», — deyilgan aeroport maʼlumotida.
Bundan tashqari, yo‘lovchilar Tyumendan Toshkentga parvoz qilish uchun “YUTeyr” aviakompaniyasi reyslaridan ham foydalanishlari mumkin.
Kuz O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga sayohat qilish uchun eng qulay fasllardan biri hisoblanadi. Bu paytda hosil yig‘im-terimi davri boshlanib, sayyohlar yangi mevalar va sabzavotlardan bahramand bo‘lishlari mumkin, shuningdek, qulay harorat oktyabr oyining o‘rtasigacha saqlanib turadi.