“Uzbekistan Airports” va “MASkargo” yuk aviatashuvlari sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi
“Uzbekistan Airports” va “MASkargo” yuk aviatashuvlari sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Uzbekistan Airports” kompaniyasi hamda Malayziya milliy aviakompaniyasining yuk tashish bo‘linmasi — “Malaysia Airlines Berhad Cargo” (“MASkargo”) O‘zbekiston aeroportlarida yuk reyslariga xizmat ko‘rsatish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Tegishli kelishuvlarga “MASkargo” kompaniyasining maxsus loyihalar va injiniring bo‘yicha katta menejeri Mir Amirul ishtirokidagi ishchi uchrashuv chog‘ida erishildi. Uchrashuv davomida tomonlar Toshkent aeroportida aviakompaniyaning yuk reyslariga xizmat ko‘rsatish istiqbollarini muhokama qildilar.
Erishilgan kelishuvlar doirasida 2026-yilning 9-mart kuni aviakompaniyaning “Kuala-Lumpur — Toshkent — Amsterdam” yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent xalqaro aeroportida texnik qo‘nishni amalga oshirgan birinchi reysi bajarildi.
“MASkargo” — “Malaysia Airlines” aviakompaniyasining xalqaro va mintaqaviy yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi bo‘linmasi hisoblanadi. Aviakompaniyaning asosiy xabi Kuala-Lumpur xalqaro aeroporti bo‘lib, tashuvchining hamkorlik tarmog‘i orqali dunyoning 100 dan ortiq shaharlariga yuk tashuvlari amalga oshiriladi.
Xalqaro yuk aviatashuvchilari bilan hamkorlik Toshkent aeroportining tranzit salohiyatini kengaytirish hamda O‘zbekistonning mintaqaviy aviatsiya va logistika xabi sifatidagi o‘rnini mustahkamlash imkonini beradi.