“Uzbekistan Airports” va Incheon International Airport Corporation kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Incheon xalqaro aeroporti korporatsiyasi (IIAC) va Incheon aeroporti aviatsiya akademiyasi (IAAA) vakillari “Uzbekistan Airports” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi va ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi — “Airports Training Center” ga tashrif buyurdi. Mehmonlar markaz infratuzilmasi, jumladan, simulyatsiya texnologiyalari, multimedia resurslari va o‘quv xonalari bilan tanishdi.
Uchrashuv yakunida kompaniyalar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat xalqaro ta’lim standartlari bo‘yicha hamkorlikda o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, o‘qituvchilar almashinuvi va tadbirlarni o‘tkazishni nazarda tutadi.
Osiyo va MDH davlatlarining yagona ta’lim maydoni doirasida kadrlar tayyorlashning barqaror platformasini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Akademik mobillikni ta’minlash mexanizmlari va markazni fuqaro aviatsiyasi kadrlarini tayyorlashning global tizimiga kiritish masalalari ham muhokama qilindi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Koreya delegatsiyasi vakillari o‘quv markazining infratuzilmasi va salohiyatini yuqori baholab, o‘quv jarayoni yuqori saviyada tashkil etilgani, aviatsiya sanoatining zamonaviy talablariga muvofiqligi va xalqaro dasturlarni amalga oshirish uchun sharoitlar mavjudligini ta’kidladilar.
Tomonlar kelgusidagi hamkorlik samaradorligiga ishonch bildirdilar va 2025-yilning ikkinchi yarmida birinchi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni boshlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Incheon International Airport Corporation (IIAC) — Koreya Respublikasidagi eng yirik xalqaro aeroportning (Incheon International Airport) operatori boʻlib, u jahon reytingida xizmat koʻrsatish sifati va operatsion samaradorlik boʻyicha yetakchilar qatoriga kiradi.
Incheon Airport Aviation Academy (IAAA) — Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) tomonidan sertifikatlangan, xalqaro standartlar va amaliyotga muvofiq aviatsiya xodimlarini tayyorlashga ixtisoslashgan taʼlim muassasasi.