UzAuto Motors yangi Damas va Cobalt modellarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'yadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “UzAuto Motors” AJ avtomobil modellari qatorini kengaytirish hamda mavjud modellarni modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik dasturni faol amalga oshirmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil may oyida Xorazm viloyatiga tashrifi davomida berilgan ustuvor vazifalar qatorida “Xorazm Avto” korxonasida yangi modellarning ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish belgilangan.
Tashkil qilinayotgan ishlab chiqarish quvvatlarida kichik biznes va xususiy mijozlarning talab va istaklarini inobatga olgan holda “Damas” arzon minivenlari yangi versiyasining ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi Damas ixcham, tejamkor va sig‘imdor avtomobil bo‘lib, u shahar ichidagi kundalik harakatlar uchun ham, tijoriy faoliyatda foydalanish uchun ham juda qulaydir.
Farqli xususiyatlariga o‘lchamlarning kattalashgani, yuk ko‘tarish qobiliyati va sig‘imning oshgani, shuningdek haydovchi hamda yo‘lovchilar qulayligining sezilarli darajada yaxshilanganidir. Model Damas Move yo‘lovchi versiyasida va Damas Max yuk-yo‘lovchi versiyasida mavjud bo‘ladi.
Yangi model ayni paytdagi joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi, bu esa xaridorlarga sinovdan o‘tgan klassik model hamda zamonaviy texnologik yangiliklarga ega yangi avlod avtomobili o‘rtasida erkin tanlov qilish imkonini yaratadi.
UzAuto Motors model qatorini kengaytirish bilan bir vaqtda, eng ko‘p talab etiladigan modellaridan biri Chevrolet Cobalt’ni keng ko‘lamli modernizatsiya qildi. Hozirda mavjud komlektatsiyalariga qo‘shimcha ravishda mijozlarga ikkita yangi Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalari taqdim etiladi.
Ularning har biri kengaytirilgan opsiyalar to‘plami, zamonaviy texnologiyalar, yaxshilangan komfort va yuqori xavfsizlik darajasi bilan ajralib turadi.