UzAuto Motors Chevrolet Cobalt‘ning yangilangan versiyalarini seriyali ishlab chiqarishni boshladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyati model qatorini kengaytirish doirasida Chevrolet Cobalt avtomobilining yangi modifikatsiyalarini seriyali ishlab chiqarish boshlanganini maʼlum qildi. Chevrolet Cobalt avtomobili mavjud uchta komplektatsiyadan tashqari, mijozlarga qo‘shimcha ravishda yangi ikkita versiyada taqdim etiladi, ularda Cobalt xaridorlari uchun ilgari mavjud bo‘lmagan yangi opsiyalar qo‘shilgan.
Modernizatsiya doirasida avtomobilning yangi komplektatsiyalarida komponentlar yangilandi: yangi dvigatel boshqaruv bloki o‘rnatildi, gaz taqsimlash va elektron boshqaruv tizimlari takomillashtirildi. ABS tizimi, xavfsizlik yostiqchalari va himoya funksiyalari boshqariuv bloklari yangilandi. Diagnostika moduli sezilarli darajada yangilandi. Umumiy hisobda hammasi bo‘lib yangi modifikatsiyalarda avtomobilning 50 dan ortiq muhim komponentlari yangilandi.
Chevrolet Cobalt avtomobilining yangi modifikatsiyalari xaridorlarga ikkita Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalarida taqdim etiladi.
Har ikkila yangi versiyada ham, komponentlar bazasidagi o‘zgarishlardan tashqari, haydovchi va yo‘lovchilarning qulayligiga alohida e’tibor qaratilgan. Avtomobil kruiz-nazorat tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, bu tizim haydovchisiz belgilangan tezlikni ushlab turish imkonini beradi. Shuningdek, old o‘rindiqlarning isitish tizimi sovuq ob-havo sharoitida foydalanish qulayligini oshiradi.
Yangilanishlar qatorida sensorli multimedia tizimi ham mavjud bo‘lib, u Android Auto va Apple CarPlay tizimlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu tizim avtomobil egalariga smartfonlarini oson ulash, navigatsiyadan foydalanish, musiqa tinglash hamda qo‘ng‘iroqlarni yo‘lda chalg‘imasdan boshqarish imkonini beradi.
Yangi asboblar paneli va multimedia hamda kruiz-nazorat boshqaruv tugmalariga ega rul haydovchiga qulaylik va xavfsizlikni ta’minlaydi. Bu haydovchining e’tiborini to‘liq avtomobil boshqaruviga qaratish imkonini beradi hamda qo‘shimcha qurilmalar bilan o‘zaro aloqani minimal darajaga tushiradi. Ushbu o‘zgarishlar avtomobil boshqaruvining ergonomikasi va qulayligini oshirib, har bir safarni yanada qulay va xavfsiz qiladi.
Midnight MCM komplektatsiyasi dizayn va texnologiyaga alohida e’tibor qaratgan holda ishlab chiqilgan. Ushbu avtomobil salonida ekocharmdan tayyorlangan, isitish tizimi bilan jihozlangan va yangi tikuv dizayniga ega o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Interyeri qora ranglarda ishlangan: ruldagi qo‘shimcha boshqaruv pultlari, polik qoplamasi, asboblar paneli, konsul box, eshik qoplamalari va audio tizimning dekorativ qismlari yagona rang gammasida bezatilgan.
Yangi komplektatsiyalarning tavsiya etilgan chakana narxi Style MCM uchun 156,1 million so‘m, Midnight MCM uchun esa 165,2 million so‘mni tashkil etadi. Mavjud Style AT Plus va Midnight AT versiyalari esa avvalgi narxlarda sotuvda qoladi.
Yangi versiyalar 2025 yil 3 noyabrdan boshlab barcha Chevrolet dilerlik markazlarida sotuvga chiqariladi.