«UzAuto Motors» Chevrolet Cobalt sotilishi tartibini tushuntirdi va korrupsiya haqidagi mish-mishlarni rad etdi
«UzAuto Motors» Chevrolet Cobalt sotilishi tartibini tushuntirdi va korrupsiya haqidagi mish-mishlarni rad etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 3 noyabrida «UzAuto Motors» 100 ming dona Chevrolet Cobalt avtomobillarini sotuvga qo‘ydi. Shartnoma shartlariga muvofiq, yetti kun mobaynida to‘lov amalga oshirilmagan kontraktlar bekor qilindi. Yakunda 20 833 ta avtomobil uchun to‘lov amalga oshirildi.
Onlayn-kontraktlar yakunlangach, avtomobil sotib olishga ulgurmagan fuqarolardan kompaniyaga ko‘plab murojaatlar tushdi. Shuningdek, 3 noyabr kuni rasmiylashtirilgan kontraktlarning katta qismi avtomobil sotib olishga haqiqiy ehtiyojsiz tuzilgani maʼlum bo‘ldi. Shu munosabat bilan to‘lov muddati yakunlanganidan so‘ng kompaniya Chevrolet Cobalt‘ni dilerlik markazlari orqali sotishni boshlashga qaror qildi.
Endilikda onlayn tizim orqali avtomobil rasmiylashtira olmagan har qanday mijoz Chevrolet‘ning istalgan rasmiy dileri orqali avtomobil sotib olishi mumkin. Xaraidorlar o‘zlari tanlagan dilerlik markazini, omborda mavjud avtomobilni tanlab, kafolat shartlari saqlangan holda qo‘shimcha jihozlar o‘rnatish imkoniga ega.
Dilerlik tarmog‘i orqali sotilayotgan barcha avtomobillar «UzAuto Motors»ning yagona tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Har bir shartnomada uning haqiqiyligini tasdiqlovchi QR-kod mavjud.
2025 yil 20 noyabr holatiga ko‘ra dilerlik markazlariga 2 624 dona Chevrolet Cobalt yuborilgan, shulardan 1 969 tasi allaqachon sotilib, mijozlarga topshirilgan. Ko‘rsatkichlar har kuni ortib bormoqda. Yo‘lda dilerlarga yetkazilayotgan yana taxminan 6 000 ta avtomobil mavjud. Kompaniya taʼkidlaishcha, dilerlik tarmog‘i orqali amalga oshirilayotgan savdolar onlayn orqali sotib olingan avtomobillar bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga taʼsir qilmaydi.
20 noyabr holatiga ko‘ra noyabr oyi uchun belgilangan avtomobillarning yarmidan ko‘pi mijozlarga topshirildi. 15 dekabrga qadar 2025 yil dekabr va 2026 yil yanvar oylarida yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan avtomobillarni to‘liq tayyorlab qo‘yish rejalashtirilgan. Shu tariqa, «UzAuto Motors» o‘z majburiyatlarini jadvaldan oldin bajarmoqda.
Kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet Cobalt sotilishidagi ehtimoliy korrupsion sxemalar haqida tarqalgan xabarlarga ham izoh berdi. «UzAuto Motors» korrupsiyaga nisbatan mutlaq toqatsizlik siyosatiga amal qilishini taʼkidladi va dilerlik markazlarida har qanday noqonuniy harakat yoki pul talab qilish holatlari yuz berganda darhol Komplayens departamentiga murojaat qilishga chaqirdi.
Olib borilgan tekshiruv natijasida mazkur xabar muallifi tomonidan hech qanday dalil keltirilmagani aniqlandi. Kompaniya bunday asossiz daʼvolar ishlab chiqaruvchi va rasmiy dilerlar shaʼniga putur yetkazishini taʼkidlab, tekshirilmagan maʼlumotni tarqatmaslikka chaqirdi.
«UzAuto Motors» mijozlar huquqlari buzilishi bilan bog‘liq barcha murojaatlarni ko‘rib chiqishga va konstruktiv muloqotga tayyorligini bildirdi.