UzAuto 2025-yilgi Cobalt tormoz nosozligi haqidagi mish-mishlarni rad etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayrim Telegram-kanallarda 2025 yilda ishlab chiqarilgan Cobalt avtomobilining tormoz tizimida nosozlik kuzatilgani, natijada Nukus shahrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqidagi video va fotomateriallar paydo bo'ldi.
"UzAuto Motors" AJ ma’lum qiladiki, ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Hozirga qadar kompaniyaga ushbu modeldagi avtomobillarning tormoz tizimidagi nosozlik bo‘yicha hech qanday murojaat kelib tushmagan.
Shuni ta’kidlash joizki, har bir avtomobil ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida, shuningdek, tormoz tizimini sinovdan o‘tkazishda ko‘p bosqichli sifat nazoratidan o‘tadi.
Jumladan, yig‘ish jarayonida tormoz tizimida vakuum hosil qilinadi, avtomatik ravishda va yetarli miqdorda (Error Proof — xatolikdan himoya qilingan holda) tormoz suyuqligi quyiladi, tormoz bloklanishga qarshi moduli (ABS) va elektr bog‘lanishlarining sozligi statik holda tekshiriladi.
Yakuniy bosqichda — DVT (Dynamic Vehicle Test) jarayonida avtomobil aylanuvchi stendda harakatlantirilib, tormoz tizimi real ekspluatatsiyaga yaqin sharoitda dinamik sinovdan o‘tkaziladi.
"UzAuto Motors" AJ shunday turdagi xabarlarni diqqat bilan kuzatib boradi va foydalanuvchilarni tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka hamda jamoatchilikni chalg‘itmaslikka chaqiradi.
Sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi holati va uning sabablariga oydinlik kiritish bo‘yicha yakuniy baho Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan beriladi.