Valyuta kurslari 09/02/2026
$1 – 12303.16
UZS – 0,19%
€1 – 14507.89
UZS – -0,0%
₽1 – 159.76
UZS – 0,32%
Qidirish
Usta dehqonlarga 75 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

Usta dehqonlarga 75 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

Usta dehqonlarga 75 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari joriy etiladi:

yuqori daromadli mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida usta dehqonlarga har 10 ta xonadonni ixtisoslashtirganligi uchun 2 mln so‘m hamda mahalladagi xonadonlarning 30 foizini ixtisoslashtirganligi uchun 75 mln so‘m miqdorida subsidiya;

tomorqa va ijara yer maydonlaridagi samarasiz eski bog‘larni rekonstruksiya qilish va yangilarini barpo etish uchun quyidagi subsidiyalar:

certifikatga ega mevali daraxt ko‘chati narxining 50 foizi, biroq har bir ko‘chat uchun meva turiga qarab 30 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;

mevalarning turiga qarab har bir o‘rnatilgan tirgak (ustun) narxining 50 foizi, biroq 70 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;

har bir sotixga yomg‘ir suvini yig‘ish va (yoki) tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish uchun 160 ming so‘mgacha miqdorda;

suv taʼminoti og‘ir bo‘lgan hududlarda tomorqa va ijara yer maydonlarini sug‘orish uchun tik quduqlarni burg‘ilash va quvvati 10 kVt soatdan kam bo‘lmagan quyosh panelini o‘rnatish uchun xarajatlarning 70 foizi, biroq 200 mln so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi.

Qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida:

mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan fuqarolarga (o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga) garov taʼminotisiz ajratiladigan kreditlar miqdori 50 mln so‘mgacha oshiriladi;

chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarda import qilingan va sertifikatlangan naslli chorva mollari xaridi va tuyachilik uchun kredit miqdori 100 mln so‘mgacha oshiriladi;

turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalarda uy mehmonxonalarini tashkil qilish hamda ixtisoslashuvi 50 foizdan yuqori mahallalarda mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash uchun minitexnologiyalar sotib olishga 150 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi;

ajratiladigan kreditlar hisobiga tovar va xizmatlarni oldindan yetkazib berish talabi bekor qilinadi.

2026 yil 1 martdan tijorat banklari tomonidan amalga oshirilayotgan “mahalla loyihasi” dasturi doirasida mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish bo‘yicha ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining bir qismiga quyidagi tartibda kompensatsiya taqdim etiladi:

mahsulot yetishtirishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha kreditlar foiz stavkasining 4 foizlik punkti;

qo‘shimcha qiymat yaratadigan qayta ishlash loyihalari bo‘yicha kreditlar foiz stavkasining 6 foizlik punkti.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan “mahalla yettiligi” xulosasiga asosan Ijtimoiy reyestrdagi I guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli aʼzosi bo‘lmagan oilalar xonadonlarining devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshik hamda quyosh panellari yoki geliokollektor o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi.

2026 yil 1 martdan og‘ir toifadagi tumanlarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar yillik 12 foiz stavkada ajratib boriladi.

2026 yil 1 martdan xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi tuman va shahar hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvarga qadar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbiy taʼlim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan quyidagi turdagi subsidiyalar joriy etiladi:

o‘qituvchi va ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy taʼlimga oid sertifikatlar, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha;

malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlarga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning 200 baravaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling