Ursula fon der Lyayen YEI va Markaziy Osiyo o‘rtasida strategik hamkorlik boshlanganini eʼlon qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 4 aprel kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» sammitida Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen ikki mintaqa o‘rtasida strategik hamkorlik boshlanganini va 12 milliard yevro miqdoridagi mablag‘ ajratiladigan Global Gateway strategiyasining yo‘lga qo‘yilganini maʼlum qildi.
«Markaziy Osiyo — bu boy tarix va ulkan rejalarga ega mintaqadir. Bu yerda suveren davlatlar joylashgan. Sizning strategik joylashuvingiz global savdo yo‘llari va investitsiya oqimlariga keng yo‘l ochadi. Bu yangi investitsiyalar suverenitetingizni mustahkamlaydi, iqtisodiyotlaringizni kuchaytiradi va, eng muhimi, yaqin do‘stona aloqalarni shakllantiradi. Biz, yevropaliklar, sizning uzoq tarixingizdagi muhim bosqichda hamkor bo‘lishga intilamiz. Bugun biz Markaziy Osiyo va Yevropaning yangi strategik hamkorligi poydevorini qo‘yayapmiz», — dedi Ursula fon der Lyayen.
U bu hamkorlik mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlab, energetika, xavfsizlik, raqamli rivojlanish va turizm kabi sohalarda yangi imkoniyatlar yaratishini taʼkidladi.
«Ishonchli hamkorlar bugun har qachongidan ham muhimroq. Bizning strategik hamkorligimiz — bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash majburiyatidir», — deya qo‘shimcha qildi u.
Yangi hamkorlik doirasida fon der Lyayen to‘rtta asosiy hamkorlik yo‘nalishini belgiladi:
Birinchi yo‘nalish — transport koridorlarini rivojlantirish. Yevropa Ittifoqi Transkaspiy transport koridorini rivojlantirish uchun 10 milliard yevro ajratishini tasdiqladi. Bu yo‘l Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi safar vaqtini ikki baravar qisqartiradi — 15 kungacha. 2025 yilda O‘zbekistonda mazkur loyihani qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan investitsiya forumi o‘tkaziladi.
«Dunyodagi tarqoqlik kuchayib borayotgan sharoitda Transkaspiy koridori Markaziy Osiyo va Yevropani bog‘lovchi ko‘prikka aylanadi. Ammo infratuzilma qurishning o‘zi yetarli emas. Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz ichida chegaralarni ochish ham Qora dengizga chiqish uchun zarur. 30 yillik yopiqlikdan so‘ng Armanistonning Turkiya va Ozarbayjon bilan chegaralarini ochishi Yevropa va Markaziy Osiyo yaqinlashuvi uchun muhim qadam bo‘ladi», — dedi Yevropa komissiyasi rahbari.
Ikkinchi yo‘nalish — muhim xomashyo resurslari sohasida hamkorlik. Markaziy Osiyoda marganes, litiy va grafit kabi muhim mineral zaxiralari mavjud. Yevropa Ittifoqi mintaqada qayta ishlash sanoatini rivojlantirishda hamkor bo‘lishni taklif qilmoqda. Yevropalik kompaniyalar allaqachon Olmaliqdagi mis konlariga 1,6 milliard yevro investitsiya kiritgan — bu yerda faqat qazib olish emas, balki qayta ishlash ishlari ham amalga oshirilmoqda.
«Biz yana-da ko‘proq ish qilishimiz mumkin — butun qiymat zanjiri bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, laboratoriyalar ochish va kadrlar tayyorlash. Bu xalqlarimiz va kelajak avlodlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan haqiqiy hamkorlikdir», — taʼkidladi Ursula fon der Lyayen.
Shu bilan birga, Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi, Niyatlar to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. «Markaziy Osiyoning xomashyo sohasidagi strategik mustaqilligi Yevropaning muhim strategik manfaatlaridandir», — dedi u.
Uchinchi yo‘nalish — “yashil energetika”ni rivojlantirish. Bunga shamol, quyosh, gidro va geotermal energetika kiradi. YEI Tojikistondagi Rog‘un GES va Qirg‘izistondagi Kambaratin GES kabi yirik loyihalarda ishtirok etmoqda. Bu Markaziy Osiyoni “toza energiya markazi”ga aylantiradi.
To‘rtinchi ustuvor yo‘nalish — raqamli aloqa va sunʼiy yo‘ldosh interneti. Yevropa Ittifoqi sunʼiy yo‘ldosh dasturini boshladi. Bu dastur Qozog‘istondagi 2000 maktab va yuzlab qishloqlarni internet bilan taʼminlaydi. Yaqin yillarda butun mintaqa bo‘ylab 1700 ta aholi punkti internetga ulanadi.
«Markaziy Osiyo dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi mumkin, ammo u albatta kosmosga chiqish imkoniyatidan mahrum emas. Kosmos bu mintaqaning dunyoga yangi yo‘liga aylanishi mumkin», — dedi Ursula fon der Lyayen.
Ushbu tashabbus doirasida Global Gateway investitsiya paketi taqdim etildi. Uning umumiy qiymati 12 milliard yevro bo‘lib, quyidagicha taqsimlanadi:
transport — 3 milliard yevro,
muhim minerallar — 2,5 milliard yevro,
gidroenergetika va iqlim — 6,4 milliard yevro,
sunʼiy yo‘ldosh interneti — 100 million yevro.
«Biz bu yondashuvni “Yevropa jamoasi” deb ataymiz. Bu paket Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlarni ochadi va mintaqalarimiz o‘rtasidagi do‘stlikning yangi davri boshlanishining belgisidir», — deya xulosa qildi Yevropa komissiyasi raisi.
Qo‘shimcha ravishda, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) 2027 yilgacha muhim minerallar va qayta tiklanuvchi energetika sohalari bo‘yicha 7–8 milliard yevro miqdorida loyihalar ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Yevropa investitsiya banki (YEIB) esa O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan bir qator memorandumlar imzolashni hamda barqaror transport, suv resurslari va iqlim o‘zgarishiga bardoshlilik sohalarida 365 million yevro ajratishni ko‘zlamoqda.