Valyuta kurslari 04/11/2025
$1 – 11972.34
UZS – -0,27%
€1 – 13786.15
UZS – -0,81%
₽1 – 147.79
UZS – -0,52%
Qidirish
Ukrainada og'ir vaziyatga tushib qolgan 19 nafar O'zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarildi

Ukrainada og'ir vaziyatga tushib qolgan 19 nafar O'zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarildi

Ukrainada og'ir vaziyatga tushib qolgan 19 nafar O'zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Elchixonasi Ukraina milliy politsiyasi hamda Xalqaro migratsiya tashkilotining Ukraina va Moldova ofislari bilan hamkorlikda Kiyev viloyatida og'ir vaziyatga tushib qolgan 19 nafar mamlakatimiz fuqarosi Vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Kiyev viloyatidagi issiqxonalardan birida qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimiz haqidagi ma'lumotlar Ukraina matbuotida 18 sentyabr kuni paydo bo'lgan edi. Ushbu holat darhol mamlakatimiz diplomatlari tomonidan nazoratga olindi.

O'zbekiston elchixonasi tomonidan fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning Ukrainadan xavfsiz chiqib ketishlari uchun hujjatlashtirish va tashkiliy masalalarni hal qilish bo'yicha keng qamrovli choralarni qisqa muddatda tashkil etildi.

Muzokaralar natijasida barcha 19 nafar fuqaroga rasman "jabrlanuvchi" maqomi berildi, bu esa Ukraina qonunchiligiga asosan ularga nisbatan har qanday sanksiyalarning qo'llanilishini to'liq istisno etdi.

XMTning Ukraina va Moldova ofislarining bevosita moliyalashtirishi ostida O'zbekiston fuqarolari 28-oktyabr kuni Kiyevdan Kishinyovga avtobusda yetkazildi.

Moldova poytaxtida yurtdoshlarimiz xavfsiz yashash sharoitlari, oziq-ovqat va zarur yordam bilan ta'minlandi. 2-noyabr kuni barcha 19 nafar vatandoshimiz XMT vakillari hamrohligida Kishinyov–Istanbul–Urganch yo'nalishida parvozni amalga oshirib, 3-noyabr kuni O'zbekistonga sog'-salomat yetib keldilar.

Fuqarolarning Vatanga qaytarilishi O'zbekiston diplomatiyasining xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi tizimli ishlarining navbatdagi muvaffaqiyatli namunasi bo'ldi.

O'zbekiston elchixonasi vatandoshlarimizning qonuniy huquqlari buzilishiga doir har qanday holatlarga tezkor javob berib, ularning ushbu mamlakatdagi manfaatlarini himoya qilishda davom etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling