Uchtepa sudi bloger Alisher Tursunovni 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 8 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi diniy bloger, Azon Global portali asoschisi, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunovga qarshi ishni ko‘rib chiqishni yakunladi.
Avval sudlanmagan, 51 yoshli Namangan viloyati fuqarosi jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi.
Sud hukmiga ko‘ra, Tursunov millatlar, irqlar, etnik guruhlar yoki dinlar o‘rtasida adovat uyg‘otish, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash va tarqatish, shuningdek diniy materiallarni noqonuniy ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish va tarqatish aybida aybdor deb topildi.
Yumshatuvchi holatlar inobatga olingan holda, sud unga umumiy tartibdagi koloniyada ikki yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.
Bundan tashqari, sud qaroriga muvofiq, Mubaşşir Ahmad va Azon Global nomli sahifalar hamda kanallarning Facebook, Instagram, Telegram ijtimoiy tarmoqlaridagi faoliyati, shuningdek YouTube videoxostingidagi faoliyati to‘siladi.
Tomonlar qonun bilan belgilangan tartibda hukmdan norozi bo‘lgan taqdirda, uni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sud hayʼatiga shikoyat tariqasida taqdim etish huquqiga ega.