U-20 Jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etiladi
U-20 Jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “2027 yilgi futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2027 yilda futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatini tashkil etish va o‘tkazishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori darajada o‘tkazish;
Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi talablariga muvofiq zarur bo‘lgan infratuzilmani yaratish;
Jahon chempionati ishtirokchilari va muxlislariga yuqori darajadagi xizmatlarni ko‘rsatish uchun qulay sharoitlar yaratish.
Qaror bilan 2027 yilgi futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.
Shuningdek, Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan “Yangi Toshkent markaziy futbol o‘yingohi” FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasining nufuzli musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha talablariga moslashtirilishi nazorat qilinadi.