“U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi joriy etiladi

“U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi joriy etiladi

“U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi joriy etiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, “U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi joriy etiladi va uning doirasida oliy taʼlim tashkilotlariga milliy tadqiqot universiteti maqomini berish yo‘lga qo‘yiladi.

Milliy tadqiqot universiteti maqomi davlat ilmiy dasturlari doirasida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy klaster tashkil etish loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovda g‘olib bo‘lgan 10 ta oliy taʼlim tashkilotiga beriladi.

2027 yil 1 yanvardan oliy taʼlim tashkilotlari milliy reytingi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Milliy reyting natijalariga ko‘ra, har bir toifa guruhiga mansub oliy taʼlim tashkilotlarining 20 foizi 1-darajaga, 40 foizdan 2- va 3-darajalarga kiritiladi.

2027 yil 1 yanvardan davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida taʼlim olayotgan 1 nafar talabani o‘qitish xarajatlari miqdorini quyidagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqib shakllantirish tartibi joriy etiladi:

1 nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha talabalar soni nisbati;

taʼlim sohasi murakkabligi, shu jumladan, taʼlim yo‘nalishlari (ixtisosliklar) uchun talab etiladigan moddiy-texnik baza;

taʼlim sohasi oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlashning ustuvor sohalariga mosligi;

oliy taʼlim tashkilotining maqomi va (yoki) toifasiga ko‘ra ilmiy tadqiqotga yo‘naltirilganligi va boshqalar.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy taʼlimni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi.

Respublika davlat oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga muayyan o‘quv yili uchun ajratilgan grant kvotalarining to‘lmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha bo‘lgan iqtidorli chet el fuqarolariga oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish uchun grant berishni nazarda tutuvchi “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturi amalga oshiriladi.

2026/2027 o‘quv yilidan oliy taʼlim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qo‘shimcha tariqasida “Study in Uzbekistan” platformasi orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.

2026/2027 o‘quv yilidan taʼlim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar taʼlimning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.

Quyidagilar tashkil etiladi: Raqamli taʼlim texnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi va Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Yoshlar akademiyasi negizida Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling