Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi va Jahon banki vakillari bilan ishlab chiqilayotgan master-rejalar yuzasidan fikr almashildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12-iyun kuni Turkiyaning “Studio Verebra” firma rahbarlari Gencer Yalcin va Mehmet Bektash, Jahon bankining urbanizatsiya boʻyicha katta mutaxassisi Muhammad Nada hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Norqulov ishtirokida hududlarda aholi yashashi, dam olishi va sayr qilishi uchun sharoitlar yaratish hamda “yashil” hududlarni kengaytirishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan muhokamalar boʻlib oʻtdi.
“Studio Vertebra” — 2009-yilda Istanbulda tashkil etilgan yetakchi arxitektura va dizayn kompaniyasi boʻlib, urbanistik loyihalardan tortib, ichki dizaynigacha keng miqyosda xizmat koʻrsatadi. Kompaniya ekologik barqarorlik va madaniy jihatlarni hisobga olgan holda zamonaviy, barqaror va mintaqaning ehtiyojlariga mos yechimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan.
Uchrashuvda master-rejalarni ishlab chiqish jarayonidagi ilgʻor xalqaro tajribalar, metodologik yondashuvlar va Oʻzbekistonda ushbu rejalarning amaliyotga joriy etilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, Qoʻngʻrot tumanida master-reja asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar koʻrib chiqildi. Jumladan, tumanning iqtisodiy salohiyatini toʻliq ishga solish, zamonaviy shaharsozlik talablariga javob beruvchi muhitni yaratish, savdo va xizmat turlarini kengaytirish shuningdek, aholining yashash sifati va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Master-rejalar orqali infratuzilmani modernizatsiya qilish, aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish oʻrinlari yaratish va hududlar salohiyatidan toʻliq foydalanish imkoniyatlari yaratilmoqda. Ayniqsa, yashil infratuzilma, raqamli transformatsiya va ekologik barqarorlik masalalariga alohida eʻtibor qaratilmoqda.