Turkiyaning Istanbul shahrida "O'zbekiston investorlar kuni" tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Ilhom Haydarov Turkiya Savdo palatalari va tovar birjalari ittifoqi (TOBB) prezidenti Rifat Hisarjikliog'lu bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuvda ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning bugungi kun holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.
"TOBB ETÜ" universiteti bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, Anqaradan Toshkentga malakali o'qituvchilarni jalb etishga e'tibor qaratildi.
Tomonlar TOBB huzuridagi Turkiya iqtisodiy siyosat tadqiqot jamg'armasi faoliyati bilan tanishib chiqish hamda uning tajribasini va imkoniyatlaridan foydalanish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
– Men O'zbekistonga qilgan safarlarimni mamnunlik bilan eslayman, – dedi TOBB prezidenti Rifat Hisarjikliog'lu. – Yurtingizda O'zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari bilan bir qator tadbirlar va biznes-forumlarni tashkil qilganmiz. Tashriflarim davomida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ham uchrashish sharafiga muyassar bo'ldim. Men O'zbekiston Prezidentini juda hurmat qilaman, u tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijasida yurtingiz yuksak iqtisodiy ko'rsatgichlarga erishmoqda.
Muloqot chog'ida to'qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari ishlab chiqarish, shisha, mebelsozlik, farmatsevtika va zargarlik sohalarida o'zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga e'tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida joriy yil kuz faslida Istanbul shahrida "O'zbekiston investorlar kuni"ni birgalikda tashkil etish taklifi qo'llab-quvvatlandi.