Turkiyaning ARIMATIK kompaniyasi Samarqanddagi Shirin shaharchasi loyihasiga 4 milliard dollar sarmoya kiritishga tayyor
Turkiyaning ARIMATIK kompaniyasi Samarqanddagi Shirin shaharchasi loyihasiga 4 milliard dollar sarmoya kiritishga tayyor
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiyaning "ARIMATIK" kompaniyasi Samarqandda barpo etilishi rejalashtirilgan "Shirin" shaharchasi qurilishi loyihasida ishtirok etishga qiziqish bildirib, hududga bosqichma-bosqich 4 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritishga tayyorligini ma'lum qilishdi.
Viloyat hokimi Adiz Boboyevning kompaniya vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida shu haqda so‘z yuritildi.
"ARIMATIK" kompaniyasi 42 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, qurilish, energetika, konchilik va boshqa sohalarda faoliyat yuritib kelyapti. Kompaniya vakillari Samarqandda yirik investision loyihalarni amalga oshirishda asosiy hamkorga aylanish istagini bildirishmoqda.
Muzokaralar davomida viloyat rahbari va «Shirin» direksiyasi mas’ullari kelajakda barpo etiladigan shaharchada zamonaviy me’moriy va infratuzilmaviy qiyofani shakllantirishga qaratilgan loyihalar haqida investorlarga ma’lumotlar berdilar.
Shuningdek, yer uchastkalarini Lotlar orqali sotib olish tartibi va shartlari tushuntirildi.
Tomonlar "Shirin" shaharchasining yakuniy konsepsiyasi ishlab chiqilganidan keyin hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga kelishib oldilar.