Turkiya Prezidenti G‘azoga yordam olib ketayotgan kemalarga qilingan hujumni qoraladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on G‘aza aholisi uchun gumanitar yordam olib ketayotgan xalqaro Global Sumud flotiliyasini Isroil tomonidan nishonga olinishini keskin qoraladi.
Hukumron Adolat va taraqqiyot partiyasi (PSR) tadbirida so‘zlagan Erdo‘g‘on voqeani «banditlik harakatlari» deb atadi va Turkiya missiya ishtirokchilarining barchasini qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi. U mazkur tashabbusni «insoniyatning umumiy vijdoni ifodasi» sifatida baholadi.
Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, flotiliyaning asosiy maqsadlaridan biri jahon jamoatchiligini «G‘azoda bolalarning ochlikdan halok bo‘lishiga sabab bo‘layotgan vahshiylik»ka eʼtibor qaratish edi.
Erdo‘g‘on Global Sumud «G‘azoda amalga oshirilayotgan shafqatsizlik va Isroilning qonli mohiyatini yana bir bor butun dunyoga namoyon etdi» deya taʼkidladi.
Shuningdek, u Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuni «genotsid hukumati» deb atab, uning maʼmuriyati nafaqat tinchlik o‘rnatishga to‘sqinlik qilayotganini, balki «bunga imkoniyat paydo bo‘lishiga ham yo‘l qo‘ymayotganini» bildirdi.
Davlat rahbari Turkiya o‘zining «falastinlik birodarlarini yolg‘iz qoldirmasligi»ni va o‘t ochishni to‘xtatish hamda tinchlikka erishish yo‘lidagi saʼy-harakatlarni davom ettirishini maʼlum qildi.
Uning qayd etishicha, «xalqaro suvlarda tinch aholiga qarshi qilingan hujum» Isroil hokimiyatining G‘azoda amalga oshirayotgan harakatlarini yashirish urinishlarining yana bir isbotidir.
Prezident qo‘shimcha qildi: Turkiya muassasalari Global Sumud flotiliyasiga qilingan hujum bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va bortda bo‘lgan turk fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash choralarini ko‘rmoqda.