Turkiya delegatsiyasi Buxorodagi tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi
Turkiya delegatsiyasi Buxorodagi tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memishoglu boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov hamrohligida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro viloyati filiali faoliyati bilan tanishdi.
Qayd etish kerak, ushbu muassasa hududdagi yirik va ko‘p tarmoqli shifoxonalardan biri hisoblanadi. Bu yerga o‘tgan yili 124 mingga yaqin fuqaro murojaat qilgan. Ulardan 38,5 ming nafardan ortig‘i statsionar davolangan.
Qolaversa, filialda 11 mingga yaqin jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, shundan 60 foizini yuqori texnologiyali operatsiyalar tashkil etgan.
Delegatsiya vakillari bu yerda yaratilgan sharoitlar va zamonaviy imkoniyatlarni yuqori baholadilar. Shuningdek, mehmonlarga shifoxonaning moddiy-texnik bazasi, murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarishda qo‘llanilayotgan ilg‘or usullar xususida maʼlumot berildi.
O‘z navbatida, Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri muassasada jigar va buyrak transplantatsiyasi kabi noyob amaliyotlarning yo‘lga qo‘yilganini alohida eʼtirof etdi. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlarining malakasi, bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yuksak darajada ekanini taʼkidladi.
Yakunda tomonlar tibbiyot sohasida aloqalarni yana-da mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish borasida hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanligini bildirdilar.