Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala sammitida O‘zbekiston Prezidenti turkiy dunyoni mustahkamlash bo‘yicha strategik tashabbuslarni taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala sammitida turkiy dunyoning birdamligini mustahkamlash, jahon siyosati, iqtisodiyoti va gumanitar sohadagi rolini oshirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Prezidentning asosiy takliflari qatorida — mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazishni taklif qildi.
Mirziyoyev strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilishni qo‘llab-quvvatladi va Turkiy davlatlar tashkilotini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi. Shuningdek, Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishni taklif etdi.
Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirib, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansi, "Turkiy yashil yo‘laklar" tizimi va "Yashil transformatsiya" konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqishni taklif qildi.
Prezident shuningdek, O‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatladi, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligini taʼkidladi.
Moliyaviy hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratildi: Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish hamda xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilishni tavsiya etdi.
Sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish va Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi.
Taʼlim va madaniyat sohasida — O‘zbekistonda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanadigan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishini eʼlon qildi. 2026 yilda "Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo maʼnaviy hayotida" mavzusida xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Kun tartibiga ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqishni taklif etdi.
Prezident Mirziyoyevning ushbu tashabbuslari Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish, yangi iqtisodiy va taʼlimiy imkoniyatlar yaratish hamda turkiy dunyoning madaniy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishga qaratilgan.
#Shavkat Mirziyoyev