Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlari Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘istonning Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga aʼzo mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Turkiya sog‘liqni saqlash vazirlari — Asilbek Xudayarov, Akmaral Alnazarova, Teymur Musayev, Erkin Checheybayev, Kemal Memisog‘lu, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev ishtirok etdi. JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge mehmon sifatida taklif qilindi.
Tadbirda TDTga aʼzo davlatlarda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida hamkorlikni yana-da rivojlantirish, Turkiy davlatlar tashkilotida ushbu yo‘nalishdagi xalqaro tuzilmalarning roli kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Harakat rejasini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur rejaga muvofiq hamkorlik yo‘nalishlari, xususan, sog‘liqni saqlash sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, turkiy mamlakatlarda tibbiy turizm, farmatsevtika va transplantatsiyani rivojlantirish, tibbiy xizmatlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorligini oshirish kabi vazifalar belgilanadi.
Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev o‘z chiqishida tuzilma aʼzolari o‘rtasidagi hamkorlik va 2023 yilda qabul qilingan Harakat rejasini bajarish borasida sezilarli yutuqlarga erishilganini taʼkidladi. Shuningdek, JSST Yevropa mintaqaviy byurosining qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi rolini alohida qayd etdi.
Ushbu nufuzli tadbirda so‘zga chiqqan Asilbek Xudayarov tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, tajriba almashish dasturlarini kengaytirish va qo‘shma taʼlim tashabbuslarini rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.
Uning aytishicha, bu – sog‘liqni saqlash sohasini jahon standartlariga javob berishining muhim kafolatidir. Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar va hamkorlar bilan aloqalarni kuchaytirish orqali biologik xavfsizlik, mikroblarga qarshi chidamlilikka qarshi kurashish, epidemiologik nazoratni takomillashtirish masalalarini birgalikda hal qilish imkoni yana-da kengayadi.
Tadbirda sog‘liqni saqlash sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, ekspertlar, olimlar, taʼlim va ilmiy tashkilotlar vakillari o‘rtasida o‘zaro bilim va tajriba almashildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha vazirlar Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.
Unga ko‘ra, raqamli sog‘liqni saqlashning muhim roli eʼtirof etilib, TDTga aʼzo davlatlar va kuzatuvchi mamlakatlarda raqamli tibbiyot yechimlari, jumladan, elektron retseptlardan samarali foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Hujjatda TDTga aʼzo davlatlar va kuzatuvchilar uchun yagona tibbiy ilmiy makon yaratish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, bu yo‘nalishdagi taʼlimning yagona standartlarini belgilash va uzluksizligini taʼminlash, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal qo‘llash, elektron sog‘liqni saqlashning yagona tartibini ishlab chiqish orqali bemorlar maʼlumotlarini transchegaraviy almashish taklif etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Turkiy davlatlar tashkiloti sog‘liqni saqlash vazirlari yig‘ilishi Samarqandda bo‘lib o‘tgan edi.