Turkistonning yuragida ikki kun
Surat: yusuftekin.net
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — YUNESKOning 43-bosh sessiyasida Turkiya Respublikasi nomidan ishtirok etish uchun Turkiston zaminining markazi bo’lgan O’zbekistonga tashrif etishdan benihoya xursand bo’ldik.
Turkistonning har bir go‘shasi biz uchun muhim, ammo Samarqand va Buxoroni bag’rida jamlagan O‘zbekistonning o‘rni juda boshqacha. Oramizda ildizlari teran do‘stlik bor, chuqur qardoshlik rishtalari mavjud. Bilge Xoqon tomonidan O‘rxun yodgorliklarida “Sabim tuketi eshitg’il!” ya’ni “So‘zimni boshidan oxirigacha eshitgin!” degan so‘zlar bilan boshlangan bu shodlikda va g’amda birlik tuyg’usi ming yillik tarixga va boshimizdan kechirgan musibatlarga qaramay kundan-kunga kuchayib bormoqda. Turklarga xos bo'lgan bu vijdon va rahm-shafqat ideali bugungi kunda dunyoga o'rnak bo'ladigan qadriyatlarimizning ham ramzidir.
Hazrat Navoiy,
Odami ersang demagil odami,
Aning ki yok xalq g’amidin g’ami,
degan misralarida aynan shu ideal kuylanadi. Yoki, Abdulhamid Sulaymon og’li Cho’lponning birlik va hamjihatlikka, vatanga muhabbatga urg’u bergan quyidagi misralari:
Birligimizning tebranmas tog’i,
Umidimizning so’nmas chirog’i,
Birlash, ey xalqim, kelgandir chog’i,
Bezansin imdi Turkiston bog’i,
Uyg’on xalqim, bitsin ortiq buncha zulumlar,
misralari yoki bu qardoshlikka eng ko’p ehtiyoj sezganimiz Ozodlik Urushini tariflarkan ishlatgan bu misralari birlik va birdamlik ideallarimizga hamohangdir:
Ey Inonyu, ey Sakarya, ey istiqlol erlari,
Milliy Misak olingancha to’xtalmasin, ilgari!
...
Bilamiz kim “madaniyat” beshigiga o’lturg’on,
Jallodlarning hamma ta’ma va xirslari sizlarda
...
Ey istiqlol, ey Sakarya, ey Inonyu erlari,
Yur, mazlumlar to’fonining o’ch olg’uvchi sellari!
Turkiya-O‘zbekiston qardoshligini yoki mening bu zaminga bo‘lgan muhabbatimni tariflash uchun shu kabi minglab misollar keltirishim mumkin. Oramizda ana shu yuqorida keltirilgan shodlikda ham, g’amda ham birlik va birdamlikning namunasi bo‘lmish birodarlik rishtalari bor.
Milliy ta’lim vaziri sifatida bizning burchimiz ham shu do‘stlikni mustahkamlash va kelajak avlodlarning bu qardoshlik atrofida yanada kuchliroq jipslashishini ta’minlashdan iboratdir. Safarimiz davomida bu borada juda muhim qadamlar tashladik. Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E'zazxon Karimova bilan doʻstligimizni mustahkamlash yoʻlidagi hamkorligimiz doirasida oʻzbek qardoshlarimiz uchun Istanbulda ochiladigan maktab va Toshkentdagi Turk maktabi uchun ajratiladigan yer maydoni haqida juda samarali suhbatlar oʻtkazdik. Shu munosabat bilan Muhtarama Vazirga va barcha O‘zbekiston mutasaddilariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Biz, Turkiyada Prezidentimiz janob Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rahnamoligida kelasi asrni ta’limda Turk asriga aylantirish yo‘lidagi eng muhim qadamlarimizdan biri bo‘lgan, yangilangan o‘quv dasturimizdagi turli o‘zgarishlar va azaliy do‘stligimizni mustahkamlash yo‘lida qilgan ishlarimiz haqida gapirib berdik. Ayniqsa, innovatsion jismoniy va texnologik infratuzilma, o‘qituvchi kadrlar yetishtirish jarayonlari, kasb-hunar va texnik ta’lim, raqamli texnologiyalar va ta’limdagi sun’iy intellekt ilovalari, darsliklar bo‘yicha o’zaro hamkorlik qilishimiz mumkin bo’lgan sohalarning ko’pligini va bu hamkorlikni tezroq boshlashning qanchalik zarurligini ko‘rdik.
Shu doirada Turkiya davlati sifatida olib borayotgan siyosatimizni ta’lim diplomatiyasi shakliga aylantirish uchun olib borayotgan ishlarimizni muzokara qildik. Shu nuqtai nazardan, biz ta'lim diplomatiyasini nafaqat jismoniy yoki virtual sinflarda o'qitiladigan darslar; balki xalqlarning umumiy taqdirini belgilovchi strategik bir jarayon, bir jamiyatning muvaffaqiyat hikoyasini boshqa jamiyatlarga yetkazish usuli sifatida ko‘ramiz. Ta'lim sohasida o'rnatgan har bir xalqaro hamkorligimiz negizida o'z asosiy qadriyatlarimizni kelajak avlodlarga yetkazish maqsadi yotadi.
Bugungi kunda tashqi siyosatda muhokama qilinayotgan ko'plab mavzularning - energetika, xavfsizlik, mudofaa, migratsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikning uzoq muddatli bo'lishi uchun ta'lim bilan bir qatorda ilgari surilishi shart. Agar qaysi sohaga bo’lmasin, ta'limni davraga qo’shmasangiz, til topishish oson bo’lmaydi, mushtarak kontseptual zamin paydo bo'lmaydi; xatto ba'zan tezda hal qilinishi mumkin bo'lgan muammolar xalqaro munosabatlarning sur'atini sekinlashtiradi. Ta’lim diplomatiyasi doirasida G'arbdan Sharqqa, Shimoldan Janubgacha dunyoning har bir burchagida olib borayotgan faoliyatimiz bizga sunʼiy intellekt va yangi texnologiyalarni ta’limga, dars dasturlariga integratsiyalashuvi, oʻqituvchilar malakasini oshirish va sohada karyera imkoniyatlari, kasb-hunar va texnik taʼlim va sanoat bilan hamkorlik qilish, taʼlimning qamrab olish imkoniyatini oshirish uchun masofaviy erishuv muhitlari, qishloqlar uchun gibrid taʼlim va boshqa raqamli yechimlar kabi keng koʻlamli muammolarni muhokama qilgan doʻst va qardosh mamlakatlar bilan qadriyatlarnga asoslangan taʼlim modelini yaratishda hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlarni beradi.
Qardosh O‘zbekiston bilan rivojlantirayotgan ta’lim sohasidagi aloqalarimiz ham ana shu qarashlar mevasidir. Sevgi va madaniy rishtalarga asoslangan faoliyatimizda sezilarli yutuqlarga erishmoqdamiz. Hozirda O‘zbekistonda 50 nafar o‘qituvchi va 9 nafar murabbiyimiz ishlamoqda; Toshkentda maktabgacha ta’limdan litsey darajasigacha faoliyat yurutuvchi ikki turk maktabida jami 693 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ayni paytda o’qituvchilarimiz turli darajadagi 14 ta’lim muassasasida o‘zbekistonlik birodarlarimizga turk va turk madaniyatidan saboq bermoqda. Qardosh maktablarimiz dasturi doirasida mamlakatimizdagi beshta maktab O‘zbekistondagi maktablar bilan tenglashtirilib, ikki davlat o‘rtasidagi yaqin rishtalarni saqlash va rivojlantirishga xizmat qiladigan faoliyatlarini birgalikda olib bormoqdalar.
2025-yil 1-noyabrda Samarqand shahrida O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, muhtarama E'zozxon Karimova bilan imzolagan Bitim tufayli ikki do‘st davlat o‘rtasidagi ta’lim diplomatiyasi sohasidagi aloqalarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu Bitim doirasida Toshkentdagi turk maktablari uchun Toshkent shahrida maktab binosi qurish uchun yer ajratildi; xuddi shunday tarzda O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p yashaydigan Istanbul shahrining Bakırko‘y tumanida o‘zbek maktabi tashkil etish bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi. Bu o‘zgarishlar ikki davlatning ta’lim sohasidagi hamkorligini doimiy qilishga intilishining yorqin ifodasidir. Aslida muhim bo’lgan tomoni shundaki, bu hamkorlik mushtarak idealga asoslanganidadir: Qadimgi tsivilizatsiya farzandlari sifatida bizning tariximiz mushtarakdir; bizning kelajagimiz ham umumiy bo'lishi kerak. Istanbuldagi maktab ham, Toshkentdagi maktab ham birodarlik muhitimizni butunlay yangi bosqichga olib chiqib, katta yutuqlarga erishadi.
Bu tashrifim men uchun doʻstlik jarayonini yanada rivojlantirishga qaratilgan qadamlar jihatidan ham, menga bergan ajoyib xissiyotlar jihatidan ham bebaho boʻldi. Avvalo, har bir tashrifimda yanada rivojlangan va yanada kuchli bo’lgan O‘zbekistonni ko‘rishdan juda mamnun ekanligimni bildirmoqchiman. Shuningdek, bu O‘zbekistonni har jihatdan katta marralarga erishishini ta’minlagan Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi oliylariga chin yurakdan minnatdorligimni izhor etishni burchim deb bilaman.
So’zimning so’nggida, bu tashrifimiz davomida bizga ko’rsatilgan va qardoshlik ruhiga yarashadigan mezbonlik hamda iliq mehmondo’stlik uchun tashakkurimni aytmoqchiman. Xususan, dilkash inson va samimiy do’st sifatida taniganim O‘zbekiston Jurnalistlari va Ommavi Kominikatsiyalar universiteti rektori janob Sherzodxon Qudratxoʻjaga ham katta rahmat aytaman. Turkiston zaminining yuragida o’tkazgan ikki mazmunli kun uchun, hamda turk-o‘zbek do‘stligi yo’lida chin kongildan fidoyilik bilan mehnat qilayotgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman.
  Prof., Dr. Yusuf TEKIN
Turkiya Respublikasi Milliy ta’lim vaziri