Turizm qo‘mitasida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Turizm qo‘mitasida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov mamlakatimizdagi Fransiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Valid Fuk bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida tomonlar o‘zbek–fransuz turizm hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, O‘zbekistonning 2026-yilda o‘tkaziladigan “IFTM Top Resa 2026” xalqaro ko‘rgazmasida hamkor mamlakat (Country of Honour) maqomida ishtirok etishiga tayyorgarlik masalalari, shuningdek, ushbu platformadan Yevropa, jumladan Fransiya bozorida O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli PR-kampaniyani amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tog‘li hududlarni rivojlantirish, zamonaviy tog‘-chang‘i kurortlarini barpo etish, qishki turizm turlarini ilgari surish, turistik mahsulotni diversifikatsiya qilish hamda turistik destinatsiyalarni boshqarish va sarmoyaviy hamkorlik sohasida fransuz tajribasini jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar barqaror va yuqori sifatli turizmni rivojlantirish yo‘lida hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.