Transplantatsiya amaliyoti uchun tibbiy xulosalar berish tartibi belgilandi
Transplantatsiya amaliyoti uchun tibbiy xulosalar berish tartibi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vazirligi Inson aʼzolarini transplantatsiya qilish haqida retsipiyentlar va donorlarga tibbiy xulosalar berish bo‘yicha nizomni ro‘yxatdan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami: 3706, 21.11.2025 y.).
Mazkur Nizomda retsipiyent va donorlarni tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish hamda transplantatsiya amaliyoti uchun tibbiy xulosalar berish tartibi belgilandi.
Nizomga ko‘ra, retsipiyent va tirik donor tibbiyot muassasalarida 3 oy ichida tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi kerak.
Tibbiy tekshiruv xulosalariga ko‘ra transplantatsiya amaliyotiga ruxsat berish faqat Hukumatning 2024 yil 13 iyundagi 333-son qarorida ko‘rsatilgan davlat tibbiyot muassasalarining tibbiy konsiliumi tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiy konsilium retsipiyentga inson aʼzolari va (yoki) to‘qimalari transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligi, donorga esa transplantatsiya amaliyotiga layoqatliligi to‘g‘risida tibbiy xulosani beradi yoki berishni rad etadi.
Transplantatsiya amaliyoti insonning ko‘rish, nutq, eshitish qobiliyatining yo‘qolishi yoki ruhiyatning buzilishi, mehnat qobiliyatining 33 foizdan ortiq barqaror yo‘qolishiga sabab bo‘ladigan tarzda ziyon yetkazishiga olib kelsa retsipiyent va donorga tibbiy xulosani berish rad etiladi.