Tramp Venesueladagi obyektlarga zarbalar berishni buyurdi
Tramp Venesueladagi obyektlarga zarbalar berishni buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela hududidagi bir qator obyektlarga, jumladan harbiy nishonlarga zarbalar berish to‘g‘risida farmoyish berdi. Bu haqda CBS telekanali jurnalisti Djennifer Djeykobs AQSH rasmiy manbalariga tayanib xabar qildi.
«Prezident Tramp Venesuela ichidagi obyektlarga, shu jumladan harbiy obyektlarga zarbalar berishni buyurdi», — deb yozdi Djeykobs X ijtimoiy tarmog‘ida AQSH maʼmuriyatidagi manbalarga tayanib.
Guvohlar xabarlariga ko‘ra, mamlakat poytaxti Karakasda portlash ovozlari eshitilgan. Mahalliy aholi portlashlar shaharning turli tumanlarida, shuningdek Mayketiyada joylashgan Simon Bolivar nomidagi xalqaro aeroport atrofida va La-Guayra porti hududida ham eshitilganini bildirgan.
Shuningdek, xabar qilinishicha, Karakasning sharqida joylashgan Venesuelaning Igerote shahrida yangi portlash qayd etilgan.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro mamlakatda favqulodda holat rejimi joriy qildi. Qurolli kuchlar yuksak shay holatiga keltirilib, davlat suverenitetini himoya qilish uchun safarbar etildi.