Tramp maʼmuriyati 66 ta xalqaro institutdan chiqishini eʼlon qildi
Tramp maʼmuriyati 66 ta xalqaro institutdan chiqishini eʼlon qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatning 66 ta xalqaro tashkilotdagi aʼzoligini tugatish to‘g‘risida memorandumni imzoladi, deb xabar qildi Oq uy maʼmuriyati 7 yanvar, chorshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida.
Hujjatda aytilishicha, AQSH Amerika hokimiyati bahosiga ko‘ra «endi Qo‘shma Shtatlar manfaatlariga xizmat qilmaydigan» tuzilmalardan chiqmoqda.
Eʼlon qilingan maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu tashkilotlarning 31 tasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida faoliyat yuritadi, yana 35 tasi esa BMT doirasidan tashqarida ish olib boradi. Tuzilmalarning to‘liq ro‘yxati Oq uyning rasmiy saytida joylashtirilgan.
Ular qatorida, jumladan, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslikka ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan Ukraina ilmiy-texnologik markazi, «Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi» sifatida tanilgan Venetsiya komissiyasi, BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili ofisi, BMT Demokratiya jamg‘armasi va boshqa qator tashkilotlar bor.
Qabul qilingan qarorga izoh berar ekan, AQSH davlat kotibi Marko Rubio Donald Tramp maʼmuriyati ushbu tuzilmalarni «isrofgar, samarasiz yoki zararli» deb topganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim tashkilotlar zaif boshqaruv bilan ajralib turadi, boshqa institutlar funksiyalarini takrorlaydi yoki Vashington nuqtai nazaridan AQSH davlat suvereniteti, fuqarolik erkinliklari hamda «umumiy farovonlik»ka tahdid soladi.