Valyuta kurslari 09/07/2025
$1 – 12712.09
UZS – 0,28%
€1 – 14927.81
UZS – 0,36%
₽1 – 162.64
UZS – 1,0%
Qidirish
Dunyo 08/07/2025 Tramp BRIKS va uni qo‘llab-quvvatlagan davlatlarga yangi bojlar bilan tahdid qildi

Tramp BRIKS va uni qo‘llab-quvvatlagan davlatlarga yangi bojlar bilan tahdid qildi

(Surat: White House)

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH Prezidenti Donald Tramp BRIKS siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarga nisbatan qo‘shimcha tariflar joriy etilishi mumkinligi haqida bayonot berdi, deb xabar beradi Deutsche Welle.

Bu bayonot BRIKS sammiti yakunida Rio-de-Janeyroda qabul qilingan deklaratsiyada "yakka tomonlama tarif va notarif choralar" tanqid qilingani ortidan yangradi.

«BRIKSning antiamerikancha siyosatini qo‘llab-quvvatlagan har qanday davlatga 10% miqdorida qo‘shimcha boj joriy etiladi. Bu siyosatda hech qanday istisnolar bo‘lmaydi», — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

BRIKS deklaratsiyasida AQSH yoki shaxsan Tramp tilga olinmagan bo‘lsa-da, AFP agentligi ushbu hujjatni «Oq uyga qarata yuborilgan ochiq siyosiy signal» sifatida baholadi.

BRIKS hujjatida «yakka tomonlama cheklovlardan jiddiy tashvish» bildirilgan bo‘lib, sammit ishtirokchilari bunday choralar Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid, global yetkazib berish zanjirlarini buzuvchi va iqtisodiy nomutanosiblikni kuchaytiruvchi omil sifatida baholadi.

Shu paytda AQSH moliya vaziri Skott Bessent 1 avgustdan boshlab boj to‘lovlarini qayta tiklash rejalashtirilayotganini tasdiqladi. Bu — avvalroq Tramp tomonidan aprel oyida vaqtincha to‘xtatilgan tariflardir.

Boj stavkasining asosiy miqdori 10% bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa-da, ayrim davlatlar uchun bu ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil oxirida ham Tramp BRIKS tomonidan dollarga muqobil o‘z valyutasi yaratilishi mumkinligi haqidagi g‘oyaga javoban 100% boj soliqlari bilan tahdid qilgan edi. U shunda shunday degan:

«Dollarni almashtirishga urinayotgan har qanday davlat Amerika bozori bilan xayrlashishga tayyor bo‘lishi kerak».

BRIKS o‘z valyutasini yaratish g‘oyasi avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan ilgari surilgan edi, ammo keyinchalik u bu tashabbusga aʼzo davlatlar hali tayyor emasligini tan olgan.

Ayni vaqtda BRIKS tarkibiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika, shuningdek, 2024 yilda qo‘shilgan Eron, Misr, Efiopiya, BAA va Indoneziya kiradi. Blok mamlakatlarining jami aholisi dunyo aholisining yarmini, ularning ulushi esa jahon YAIMning 40% ga yaqin qismini tashkil qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling