Tramp: AQSH O‘zbekiston bilan ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishga umid qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH Prezidenti Donald Tramp respublika mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan tabrigida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga to‘xtaldi.
«Qo‘shma Shtatlar mavjud aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochishga umid qilmoqda. Sizga va fuqarolaringizga Mustaqillik bayrami munosabati bilan baxt-saodat va eng ezgu tilaklarimni bildiraman», — deyiladi O‘zbekiston Prezidentining rasmiy saytida joylashtirilgan tabrik matnida.
Trampning fikricha, mustaqillik qo‘lga kiritilganidan beri O‘zbekiston davlatlararo strategik hamkorlik rivojiga xizmat qiladigan muhim islohotlarni izchil amalga oshirib kelmoqda. AQSH Prezidenti taʼkidlaganidek, ikki tomon ham bugunga qadar katta yutuqlarga erishdi, jumladan, chegaralarni mustahkamlash, o‘zaro savdo va investitsiyalarning o‘sishi, din erkinligi va mintaqaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda.