Tovarlarni raqamli markirovkalashni takomillashtirish to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi
Tovarlarni raqamli markirovkalashni takomillashtirish to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda raqamli markirovkalash tizimi samaradorligi oshirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan “masofaviy soliq tekshiruvi” tushunchasiga aniqlik kiritilib, mazkur tekshiruvni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash hamda budjet daromadlari barqarorligini mustahkamlash nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, markirovkalash qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini soliq to‘lovchining huzuriga bormasdan, huquqbuzarlik yuzasidan ikki marta ogohlantirish berilganidan so‘ng o‘tkazish, shuningdek mazkur holat bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonlarini tezkor tashkil etish qonuniy asosda belgilanmoqda.
Shu bilan birga, xufiyona aylanma va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, ayrim shaxslar tomonidan markirovkalash qoidalarini chetlab o‘tish orqali noqonuniy daromad olish maqsadida aholiga sifatsiz yoki qalbaki mahsulotlarni, jumladan spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, salqin ichimliklar va boshqa tovarlarni realizatsiya qilish holatlari kuzatilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi aynan shunday huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish hamda insofli soliq to‘lovchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan.
Xalq vakillari qonun loyihasida soliq nazoratini amalga oshirishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, xususan markirovkalash qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibini aniq belgilash hamda huquqbuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan profilaktika mexanizmlari loyihada nazarda tutilganligini ma’qulladilar.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning oldini olish, soliq ma’murchiligini soddalashtirish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida soliq to‘lovchi huzuriga bormasdan tekshiruv o‘tkazish, shuningdek qaror qabul qilish jarayonlarini tezkor tashkil etishga oid normalar loyihada aks ettirilgani ijobiy baholandi.
Deputatlar qonun loyihasi bilan kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar xufiyona aylanma va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, insofli soliq to‘lovchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek budjet daromadlari barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.