Toshkentdan Orient Silk Road Express turistik poyezdining yangi reysi yo‘lga chiqdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 4 oktyabr kuni Toshkent markaziy vokzalidan Orient Silk Road Express turistik poyezdining yangi reysi yo‘lga chiqdi. Bu safarda o‘ndan ortiq mamlakatdan kelgan sayyohlar ishtirok etmoqda. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Mehmonlar uchun vokzalning VIP zalida milliy oshxona taomlari bilan furshet va jonli musiqa hamrohligida tantanali kutish marosimi tashkil etildi.
Sharqona mehmondo‘stlik muhiti va butun safar davomida yangragan kuylar turistlarga ilk daqiqalardanoq yorqin kayfiyat va O‘zbekiston haqida unutilmas taassurotlar hadya etdi.
Sayyohlar taʼkidlashicha, Orient Silk Road Express poyezdidagi sayohat ularga Buyuk Ipak yo‘lining ruhini his etish imkonini beradi. Bu nafaqat vagonlar qulayligi va harakatning sukunatli ritmi, balki tabiat manzaralarining bosqichma-bosqich almashinib borishini kuzatish orqali ham namoyon bo‘ladi.
Bunday sayohatlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston temir yo‘llari mutasaddilarining dunyoning yetakchi temir yo‘l turizm operatorlaridan biri bo‘lgan Germaniyaning Lernidee Erlebnisreisen GmbH kompaniyasi bilan uzoq yillik hamkorligi tufayli amalga oshirildi.
Orient Silk Road Express o‘z yo‘lini davom ettirmoqda — har bir safarni tarix va zamonaviy qulaylik uyg‘unligiga aylantirib, sayyohlarga mintaqaning madaniy va tarixiy merosiga chuqur sho‘ng‘ish uchun o‘ziga xos imkoniyat yaratmoqda.