Toshkentdagi YTHda Matiz haydovchisi halok bo‘ldi
Toshkentdagi YTHda Matiz haydovchisi halok bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Olmazor tumanida 15 mart kuni ertalab o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
YTH soat taxminan 05:00 atrofida Sebzor va Nurafshon ko‘chalari kesishmasida yuz bergani haqida Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, Chevrolet Lacetti va Daewoo Matiz avtomobillari o‘zaro to‘qnashgan. Yo‘l-transport hodisasi natijasida Matiz avtomobili haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olgan va shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bo‘yicha — transport vositalaridan foydalanish yoki harakat xavfsizligi qoidalarini buzish, inson o‘limiga sabab bo‘lgan holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda va hodisaning barcha holatlari aniqlanmoqda.