Valyuta kurslari 03/10/2025
$1 – 12099.72
UZS – 0,13%
€1 – 14223.22
UZS – 0,18%
₽1 – 148.90
UZS – 1,49%
Qidirish
Toshkentdagi Inson huquqlari uyida Rossiya olimlari monografiyasining taqdimoti

Toshkentdagi Inson huquqlari uyida Rossiya olimlari monografiyasining taqdimoti

Toshkentdagi Inson huquqlari uyida Rossiya olimlari monografiyasining taqdimoti

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2 oktyabr kuni Toshkentdagi Inson huquqlari uyida Rossiya olimlari qalamiga mansub "O‘tmishdan kelajak sari: zamonaviy dunyoda inson huquqlari" nomli monografiyaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu asar Rossiya davlat gumanitar universiteti Meros va zamonaviy jamiyat instituti tomonidan nashr etilgan.

Taqdimot Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev rahbarligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida o‘tkazildi. Taqdimotda har ikki mamlakatning yetakchi davlat va ilm-fan arboblari, davlat organlari, akademik doiralar va inson huquqlari tashkilotlari vakillari oflayn tarzda, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda viloyat markazlaridagi axborot-kutubxona markazlari xodimlari onlayn shaklda ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda yuridik adabiyotning o‘rni o‘ta muhimligini taʼkidlar ekan, Inson huquqlari uyida "Rossiya va inson huquqlari" burchagi ochilganini eʼlon qildi. Ushbu burchak Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Patris Lumumba nomidagi Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti Yuridik instituti kabi tashkilot hamda muassasalar taqdim etgan kitoblar hisobiga tashkil etildi.

Rossiya Prezidentining maslahatchisi Valeriy Fadeyev qayd etganidek, ushbu tashabbus Rossiyaning huquq va erkinliklarni himoya qilish tizimi haqidagi bilimlarni tarqatish, shuningdek, kasbiy aloqalar va davlatlararo inson huquqlari muloqotini mustahkamlashga qaratilgan. Zero, bugungi kunda inson huquqlari va erkinliklari muhokamasini birgina anʼana yoki mafkura doirasi bilan cheklab bo‘lmaydi – tez o‘zgarayotgan dunyoda rivojlanishning yangi yo‘llarini taklif eta oladigan keng qamrovli sivilizatsiyalararo muloqot zarur.

Munozaralarda, shuningdek, Patris Lumumba nomidagi Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti Yuridik instituti direktori, professor Aslan Abashidze, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais o‘rinbosari Asqar G‘afurov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi yuridik fakulteti Xalqaro va integratsiya huquqi kafedrasi mudiri Yekaterina Alisiyevich, Rossiyaning "Oliy iqtisodiyot maktabi" milliy tadqiqot universiteti Raqamli texnologiyalar huquqi va biohuquq departamenti professori Aleksey Deyneko, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori o‘rinbosari Abdumannop To‘laganov, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Roza Azxo‘jayeva ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar eʼtirof etganidek, "O‘tmishdan kelajak sari: zamonaviy dunyoda inson huquqlari" monografiyasi fundamental tadqiqot hisoblanadi. Kitobda inson huquqlari g‘oyalari Rossiya jamiyatining anʼanaviy qadriyatlar tizimiga qanday kirib kelgani, boshqa huquqiy va madaniy anʼanalarga nisbatan qanday rivojlanayotgani hamda global muammolar sharoitida ijtimoiy huquqlar nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etayotgani ilmiy, nazariy va amaliy jihatdan chuqur tahlil qilingan.

Mualliflar huquqlarning “anʼanaviyligi” haqidagi dolzarb munozaralarni atroflicha o‘rgangan holda, huquqiy nazariyada universal va milliy o‘ziga xoslik nisbati masalasini tahlil qilgan. Shuningdek, demokratiya va erkinliklarning zamonaviy xalqaro reytinglari tanqidiy baholangan.

Kitobning butun bir tadqiqotchilar jamoasining saʼy-harakatlarini birlashtirgan ilmiy monografiya janrida yozilganiga alohida eʼtibor qaratildi. Unda tarixiy, falsafiy, huquqiy va siyosatshunoslik sohalari bo‘yicha yondashuvlar uyg‘unlashtirilgani, ayniqsa, muhim. Bunday fanlararo xususiyatga ega nashr nafaqat huquqshunos mutaxassislar, balki keng kitobxonlar ommasi – talabalar, o‘qituvchilar, siyosatchilar, jurnalistlar, inson huquqlari va zamonaviy jamiyat rivojlanishi bilan qiziquvchilar uchun ham ahamiyatlidir.

Ishtirokchilar kitob keyingi munozaralar, o‘quv kurslari va yangi qo‘shma loyihalar uchun poydevor bo‘lishini taʼkidladilar. Taqdimotda ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish va yangi bosqichga ko‘tarish muhimligiga ham eʼtibor qaratildi. Gumanitar sohadagi qo‘shma loyihalarning ahamiyati alohida taʼkidlandi.

Taqdimot doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr etilgan yangi kitoblar, qo‘llanma va jurnallar taqdim etildi. Shuni ham qayd etish joizki, bir tomondan, Toshkentdagi Inson huquqlari uyida "Rossiya va inson huquqlari" burchagi ochilgani, ikkinchi tomondan, ushbu muhim monografiyaning taqdimoti o‘tkazilgani ilm-fan yo‘nalishi va gumanitar sohalarda O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining yangi bosqichini belgilab bergan muhim voqealar bo‘ldi.

Bu amaliy saʼy-harakatlar, shubhasiz, mamlakatlarimiz o‘rtasida inson huquqlari va gumanitar tadqiqotlar sohasida ilmiy muloqotni rivojlantirish, tajriba almashish va sheriklik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbuslar tizimini amalda izchil tatbiq etish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardir.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling