Toshkentda Yevrosiyo universitetlari ittifoqi tashkil etildi

Toshkentda Yevrosiyo universitetlari ittifoqi tashkil etildi

Toshkentda Yevrosiyo universitetlari ittifoqi tashkil etildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan “Italiya – Markaziy Osiyo (C5) + Ozarbayjon” xalqaro forumi doirasidagi fan, tadqiqot va ta’lim sessiyasida muhim tarixiy tashabbus amalga oshirildi.

Unda iqlimga chidamlilik, oziq-ovqat xavfsizligi hamda oziq-ovqat texnologiyalari yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Yevroosiyo universitetlari va ilmiy tadqiqotlar alyansi tashkil etildi.

Yangi alyans ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish, dolzarb muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish hamda mintaqaviy integratsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tashabbus doirasida Italiya va O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy muassasalari, jumladan Italiya Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va iqtisodiyoti kengashi (CREA) hamda Milliy tadqiqotlar kengashining Biologiya, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat fanlari departamenti vakillari o‘rtasida qator kelishuvlar imzolandi. Ushbu hujjatlar alyans faoliyatining mustahkam huquqiy va tashkiliy asosini yaratdi.

Alyans doirasida iqlim o‘zgarishiga moslashuv, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda zamonaviy oziq-ovqat texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Shuningdek, talabalar va olimlar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish ustuvor vazifalar etib belgilandi.

Bundan tashqari, Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida agrar ta’lim yo‘nalishida 17 ta hujjat imzolandi.

Mazkur alyans ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, mintaqada barqaror rivojlanish, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling