Valyuta kurslari 26/09/2025
$1 – 12199.71
UZS – -0,16%
€1 – 14328.56
UZS – -0,35%
₽1 – 146.09
UZS – 0,08%
Qidirish
Toshkentda Yevropa Ittifoqining raqamli huquqlarni rivojlantirish loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, huquqshunoslar uchun trening bo‘lib o‘tdi

Toshkentda Yevropa Ittifoqining raqamli huquqlarni rivojlantirish loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, huquqshunoslar uchun trening bo‘lib o‘tdi

Toshkentda Yevropa Ittifoqining raqamli huquqlarni rivojlantirish loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, huquqshunoslar uchun trening bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 25-sentabr kuni Toshkentda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va yuridik hamjamiyat vakillari uchun “OAVda raqamli huquqlar bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusi” (UDRMI) loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotdan so‘ng yuristlar uchun ikki kunlik trening dasturi tashkil etildi.

Taqdimotning rasmiy ochilishini Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi Ikkinchi Kotibi, Hamkorlik Boʻlimi Rahbari janob Xristos Marazopulos olib bordi. Tadbir UDRMI loyihasining maqsadlari va kutilayotgan natijalari hamda davlat, NNT, media va yuridik sektor o‘rtasidagi professional hamkorlik imkoniyatlariga bag‘ishlandi.

Taqdimot yakunlanishi bilanoq amaliyotga yo‘naltirilgan trening boshlandi. U internetda fikr bildirish erkinligi, maxfiylik va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, axborotga kirish, raqamli xavfsizlik hamda onlayn muhitda strategik huquqiy himoya sohalarida xalqaro va milliy standartlarni qo‘llashga qaratildi.

Treningda tijorat tashkilotlari yuristlari va advokatlari, shuningdek, O‘zbekiston Advokatlar assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdilar. Dastur kirish ma’ruzalari, keislarni tahlil qilish va namunaviy hujjatlar hamda ichki tartib-taomillar ustida guruhiy ishlashni o‘z ichiga oldi — maxfiylik siyosati va dalillarni saqlashdan tortib, ma’lumotlar sizib chiqishi hodisalariga munosabat bildirish va davlat organlari so‘rovlariga javob berishgacha. Tadbir Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida “Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi” NNT (MJDC) hamda Qozog‘istondagi Legal Policy Research Centre (LPRC) tomonidan tashkil etildi.

“Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan uning raqamli transformatsiya yo‘lida, shu bilan birga fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘lida hamkorlik qilayotganidan faxrlanadi. Raqamlashtirish insonlarga xizmat qilishi, ishonchni mustahkamlashi va har bir kishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishi kerak. Bizning qo‘shma sa’y-harakatlarimiz raqamli makonni xavf emas, balki imkoniyat, adolat va huquqlarni kengaytirish maydoniga aylantiradi,”  — dedi Xristos Marazopulos, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi Ikkinchi Kotibi, Hamkorlik bo‘limi rahbari.

MJDC — “Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi” NNT direktori Saida Sulaymanova: «Bizning vazifamiz normalar va standartlarni kundalik yuridik amaliyot vositalariga aylantirishdan iborat bo‘ldi. Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, axborotga kirish va raqamli xavfsizlikka oid yondashuvni tizimlashtirdik hamda ushbu talablarni tashkilotlarning siyosati va tartib-taomillariga qanday kiritishni ko‘rsatdik. Bunday format ishtirokchilarning professional kompetensiyalarini mustahkamladi va yuridik hamjamiyat, davlat tuzilmalari hamda media o‘rtasida konstruktiv muloqot uchun zamin yaratdi».

LPRC (Qozog‘iston) direktori Tatyana Zinovich: «Biz huquq va texnologiya kesishadigan nuqtalarga e’tibor qaratdik: ma’lumotlarni qayta ishlash va transchegaraviy uzatish, raqamli muhitdagi dalillar, kontentni moderatsiya qilishdagi javobgarlik. Ishtirokchilar ichki reglamentlar namunalaridan tortib, huquqiy xatarlarni boshqarish algoritmlarigacha bo‘lgan amaliy yechimlar to‘plami bilan qaytishdi. Bu esa tashkilotlarning huquqiy barqarorligini va raqamli muhitga bo‘lgan ishonchni bevosita mustahkamladi».

“UDRMI” loyihasi haqida: Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida MJDC va LPRC tomonidan amalga oshirilayotgan ikki yillik tashabbus mediasohasi, NNTlar va yuridik sektor vakillarining raqamli huquqlar borasidagi kompetensiyalarini rivojlantirishga, davlat organlari bilan muloqotni mustahkamlashga hamda so‘z erkinligi, kiberxavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish masalalari bo‘yicha jamoatchilik xabardorligini oshirishga qaratilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling