Valyuta kurslari 05/09/2025
$1 – 12437.15
UZS – 0,51%
€1 – 14480.57
UZS – 0,39%
₽1 – 153.34
UZS – 0,14%
Qidirish
Toshkentda “Yashil fan va innovatsiyalar kuni”: Barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini namoyish etdi

Toshkentda “Yashil fan va innovatsiyalar kuni”: Barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini namoyish etdi

Toshkentda “Yashil fan va innovatsiyalar kuni”: Barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini namoyish etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda “Yashil fan va innovatsiyalar kuni”ni o‘tkazdi. Tadbirda 200 ga yaqin ishtirokchi – yoshlar, olimlar, siyosatchilar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari ishtirok etib, agrooziq-ovqat tizimlarini yanada yashil kelajak sari o‘zgartirayotgan ilmiy yutuqlar va innovatsion yechimlar bilan tanishdilar.

Ushbu tashabbus O‘zbekistonda 2025 yilning “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilinganiga hamohang tarzda tashkil qilindi. Bu mamlakatning iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, atrof-muhitning ifloslanishi va barqaror bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi amaliyotlariga qarshi qat’iy sa’y-harakatlarini tasdiqladi. Tadbir, shuningdek, FAO Yashil qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Mintaqaviy texnik platformasi, FAO Ilm-fan va innovatsiyalar forumi hamda Yevropa va Markaziy Osiyo uchun Mintaqaviy fan va innovatsiyalar haftaligi kabi global va mintaqaviy tashabbuslar bilan uyg‘un holda o‘tkazildi. Bu tashabbuslar ilm-fan va innovatsiyalarning barqaror va inklyuziv agrooziq-ovqat tizimlarini shakllantirishdagi muhim o‘rnini yoritadi.

Tadbir davomida ilg‘or tashabbuslar va texnologiyalar taqdim etildi. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agro-sanoatni raqamlashtirish markazi tomonidan “Agroplatforma” axborot tizimi, Toshkent davlat agrar universitetining biokontrolga asoslangan barqaror o‘simliklarni himoya qilish usullari, shuningdek, “O‘zbekkosmos” tomonidan qishloq xo‘jaligida dronlar va kosmik texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlari. FAO O‘zbekistondagi ilmiy-innovatsion tajribasi bilan bo‘lishdi, BMT Ko‘ngillilari esa yoshlarning faol ishtiroki va ko‘ngillilikning ahamiyatini ta’kidladi.

Interaktiv mashg‘ulotlar, jumladan, yashil fan, innovatsiyalar va FAO faoliyati bo‘yicha bilim viktorinasi yoshlarning faol qatnashishini rag‘batlantirdi va bilimlarni mustahkamlashga xizmat qildi. Viktorina g‘oliblari yopilish marosimida taqdirlandi.

Qayd etilgandek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash FAOning asosiy mandatida muhim o‘rin tutadi va bu jarayonda yer resurslarini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish katta ahamiyatga ega. Innovatsion usullarga asoslangan yer resurslarini barqaror boshqarish qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining oziqaviy qiymatini oshirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatishga yordam beradi. “Yashil fan va innovatsiyalar kuni” esa milliy va mahalliy darajada bilim almashish va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishni kuchaytirib, O‘zbekistonda barqaror qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish uchun hamkorlik va resurslarni safarbar etishga xizmat qiladi.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling