Toshkentda yangi xalqaro mehmonxona Mercure Tashkent North ochildi
Toshkentda yangi xalqaro mehmonxona Mercure Tashkent North ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda turizm jadal rivojlanishda davom etmoqda. Buni xorijiy mehmonlar sonining ortishi, sayyohlik oqimlarining ko‘payishi va zamonaviy mehmonxona infratuzilmasining kengayishi yaqqol tasdiqlaydi.
Xususan, 2025-yilda mamlakatga 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizm dasturi doirasida esa mamlakat aholisi hududlar bo‘ylab 23,7 million marta sayohat qildi. Mamlakat ishbilarmonlik va madaniy turizm uchun yangi imkoniyatlar yaratib, xalqaro mehmonxona operatorlari e’tiborini o‘ziga tortmoqda.
2025-yilda hududlarda 1 023 ta yangi joylashtirish vositasi foydalanishga topshirildi, jumladan 136 ta mehmonxona, 528 ta oilaviy mehmon uylari, 298 ta xostel va 61 ta boshqa turdagi joylashtirish obyektlari foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda joylashtirish vositalarining umumiy soni 6 921 taga, o‘rinlar fondi esa 185,6 mingtaga yetgani sayyohlarning maroqli hordiq chiqarishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratmoqda. Hyatt, Hilton, Marriott, Accor va Radisson kabi xalqaro brendlarning kirib kelishi xizmat ko‘rsatish standartlarini oshirishga va sayohatchilar uchun qulay muhit yaratishga hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida hamda “O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatning xalqaro sayyohlik manzili sifatidagi mavqeyini mustahkamlash uchun turizmni 2030-yilgacha rivojlantirish muhimligi alohida ta’kidlangan.
Mazkur hujjatlarda, jumladan, xalqaro brendlarga oid (yulduzli) mehmonxonalar sonini 2 barobarga oshirish va joylashtirish vositalaridagi o‘rinlar sonini 240 mingtaga yetkazish, qurilish va jihozlash bosqichida brendli mehmonxonalarni qo‘llab-quvvatlash, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, milliy turizm mahsulotlarini xorijda targ‘ib qilish uchun sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan. Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ishbilarmonlik va madaniy turizm imkoniyatlarini kengaytirish hamda zamonaviy, raqobatbardosh mehmondo‘stlik sanoatini shakllantirishga qaratilgan.
Ushbu tendensiyaning yorqin namunalaridan biri jahon mehmonxonalar guruhi sanalgan Accor boshqaruvi ostida faoliyat yurituvchi yangi “Mercure Tashkent North” xalqaro mehmonxonasining ochilishi bo‘ldi. 1967-yilda asos solingan Accor kompaniyasi 110 mamlakatda 5 300 dan ortiq mehmonxona va 10 mingta restoranni boshqarib, mehmonlarga ekonomdan tortib lyuks brendlargacha taklif etadi.
Yangi 4 yulduzli mehmonxona Toshkent xalqaro aeroportiga bevosita yaqin joyda joylashgan bo‘lib, bu uni sayyohlar uchun ham, ishbilarmon mehmonlar uchun ham birdek qulay qiladi. “Mercure Tashkent North” o‘zida qulaylik, uslub va xalqaro mehmondo‘stlik standartlarini mujassamlashtirgan holda, zamonaviy xonalar, mahalliy va xalqaro taomlarning mualliflik talqinidagi restoran, ishbilarmonlik va shaxsiy tadbirlar uchun anjuman zallari, shuningdek, hordiq chiqarish va tiklanish uchun spa-markazini taklif qiladi.
Mehmonxonaning ochilish marosimi turizm sohasi, biznes, diplomatik korpus va davlat idoralari vakillarini jamladi. Tadbir doirasida rasmiy qism bilan bir qatorda mamlakatning boy merosi va mehmondo‘stligini namoyon etuvchi madaniy dastur ham bo‘lib o‘tdi.
“Mercure Tashkent North” mehmonxonasining ochilishi O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligi yuksalib borayotganini hamda uning xalqaro sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi. Mehmonxona infratuzilmasining rivojlanishi va yirik jahon brendlarining kirib kelishi xizmat ko‘rsatishda yangi me’yorlarni joriy etib, mamlakatning turizm bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi, shuningdek, ishbilarmonlik tadbirlari va xalqaro anjumanlar o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Mercure - Accor portfelidagi o‘rta va yuqori o‘rta segmentdagi xalqaro mehmonxona brendi. Har bir Mercure mehmonxonasi o‘z mintaqasining o‘ziga xosligini dizayn, gastronomiya va xizmat ko‘rsatish orqali aks ettirib, sayyohlar va ishbilarmon mehmonlar uchun haqiqiy tajriba yaratadi.