Toshkentda Xitoyning Shinjon mahsulotlari ko‘rgazmasi boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 21 oktyabr kuni “Anhor Lokomotiv” bog‘i hududida kuz mavsumining eng yirik xalqaro tadbirlaridan biri — “O‘zbekiston–Xitoy: 14-Shinjon mahsulotlari ko‘rgazmasi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida hamda Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashining (SSPIT) Shinjon vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes vakillariga Sinszyan-Uyg‘ur avtonom rayonida ishlab chiqarilgan mahsulotlar, texnologiyalar va uskunalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Ko‘rgazma doirasida agrosanoat, maishiy texnika, IT, konsalting, tibbiyot sanoati, oziq-ovqat va ichimliklar, choy ishlab chiqarish, qurilish, to‘qimachilik va kimyo sanoati, logistika va energetika sohalaridagi yetakchi Xitoy kompaniyalarining stendlari namoyish etilmoqda.
Ishtirokchilar orasida Bingtian (Xinjiang) Intelligent Technology Co., Ltd, Xinjiang Poplar Cable Manufacturing Co., Ltd, Xinjiang Oulite Wire Mesh Co., Ltd kabi yirik ishlab chiqaruvchilar ham bor.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Xitoy tadbirkorlari yangi aloqalar o‘rnatishga, kelgusidagi hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilishga muvaffaq bo‘ladilar. Shuningdek, ochilish marosimi doirasida bir qator kelishuvlarga erishilib, hamkorlik memorandumlarini imzolash yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Ko‘rgazma 23 oktyabr kuniga qadar davom etadi.