Toshkentda xalqaro konferensiya: O‘zbekiston sog‘lom avlodni qanday tarbiyalamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —Toshkent shahridagi 110-sonli umumta'lim maktabida Respublika ta'lim dasturi — “Salomatlik yo‘nalishlari” (“Nestlé for Healthier Kids” global tashabbusining bir qismi) natijalarini sarhisob qilishga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent shahri, O‘zbekistonning 12 ta viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, pedagoglar, ta'lim sohasidagi mutaxassislar hamda Qozog‘iston va Rossiyadan maxsus taklif etilgan mehmonlardan iborat 80 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
“Salomatlik yo‘nalishlari” dasturining asosiy maqsadi – mamlakatimiz yosh avlodi, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida
sog‘lom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishdir. Dastur Nestlé kompaniyasining O‘zbkistondagi tarmog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Respublika ta’lim markazi ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Xalqaro konferensiyada dastur doirasida 2024–2025 o‘quv yili davomida erishilgan natijalar taqdim etildi hamda uni mamlakat maktablarida ta’lim metodikalariga bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha rejalar namoyish qilindi. Hozirda mazkur dasturda Toshkent shahri, O‘zbekistonning 12 hududi va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktablar ishtirok etmoqda. Har yili 12 000 dan ortiq o‘quvchi sog‘liqni saqlashga e’tibor qaratish muhimligini maxsus darslar, turli tadbirlar va faoliyatlar orqali o‘rganmoqda. Xususan, 2024 yildan boshlab 2025 o‘quv yiliga qadar “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturining faol ishtirokchilari yangi ekologik modulni o‘zlashtirdilar, ijodiy rasm tanlovlarida qatnashdilar hamda O‘zbekiston supermarketlariga interaktiv ekskursiyalar davomida foydali va to‘g‘ri mahsulotlarni tanlashni amaliyotda o‘rgandilar.
Konferensiya ishtirokchilariga “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha eng yaxshi amaliy tajribalar taqdim etildi. Dasturda eng faol koordinatlar pedagoglarni jarayonga jalb etish bo‘yicha o‘z muvaffaqiyat tarixlarini bo‘lishdilar. Eng yaxshi o‘qituvchilar esa darslarni o‘tkazish, bolalarga foydali odatlarni o‘rgatish, “to‘g‘ri ovqatlanish likopchasi”ni yaratish va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash bo‘yicha o‘zlarining individual yondashuvlarini namoyish etdilar. Shuningdek, Qozog‘iston va Rossiyadan maxsus taklif etilgan mehmonlar – ushbu tashabbus amalda joriy etilgan mamlakatlar vakillari – dastur doirasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar va ta’lim metodikasini takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
“Bugungi konferensiya – bu shunchaki natijalarni sarhisob qilish emas, balki bolalar salomatligi haqida g‘amxo‘rlik qilish erta yoshdan boshlanishi zarurligini yana bir bor tasdiqlovchi dalildir. “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi o‘z samaradorligini isbotladi va biz uni butun mamlakat bo‘ylab kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining o‘rinbosari Sardor Rajabbov.
“Dasturda ishtirok etayotgan bolalarning xulq-atvori qanday o‘zgarayotganini ko‘rib turibmiz: ular o‘z sog‘lig‘iga va atrofdagilarga nisbatan ongliroq, faolroq va g‘amxo‘rliroq bo‘lib borishmoqda. “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturining uzoq muddatli istiqboldagi natijasi – bu millat kelajagiga, uning sog‘ligi, barqarorligi va taraqqiyotiga qilingan sarmoyadir”, – deya ta’kidlab o‘tdi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktori Dilshoda Norboeva.
“Nestlé uchun ta’lim tashabbuslarida ishtirok etish bu shunchaki ijtimoiy mas’uliyat emas, balki barqaror kelajakka qaratilgan strategik sarmoyadir. Bugun, 2024–2025 o‘quv yili yakunlari bo‘yicha “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturining natijalarini sarhisob qilar ekanmiz, bu tashabbus bolalarda sog‘lom va ekologik ongli turmush tarzini shakllantirishdagi katta ta’sirini faxr bilan qayd etamiz. Bu dastur – davlat, biznes va pedagogik jamoatchilikning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari orqali yosh avlodni har tomonlama rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratishning yorqin namunasi hisoblanadi. Biz “Nestlé for Healthiyer Kids” global tashabbusi doirasida shu va shunga o‘xshash
loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz, chunki butun dunyo bo‘ylab millionlab bolalarning sog‘lom va baxtli ulg‘ayishiga ko‘maklashish – bizning asosiy maqsadimiz”, – dedi Nestlé kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Sergey Lysiuk.
Xalqaro konferensiya doirasida ishtirokchilar uchun sohaga oid ekspert rahbarligida maxsus trening tashkil etildi. Trening davomida pedagoglar kasbiy charchashning oldini olish bo‘yicha asosiy amaliyotlarni o‘zlashtirdilar, zamonaviy bolalar va o‘smirlar avlodining o‘ziga xos jihatlari, ular bilan samarali muloqot usullari bilan tanishdilar, shuningdek, hamkasblar va hamkorlar bilan konstruktiv aloqa o‘rnatish strategiyalarini amalda qo‘llab ko‘rdilar.
Bundan tashqari, ular ta’lim jarayonida qo‘llash mumkin bo‘lgan notiqlik mahoratini oshirdilar va darslarni yanada qiziqarli qilishga xizmat qiluvchi aktyorlik mahoratining asoslarini o‘rgandilar. Maxsus ishlab chiqilgan mashqlar esa ishtirokchilarga yangi bilimlarni mustahkamlash va kasbiy kompetensiyalarini sezilarli darajada kengaytirish imkonini berdi.